Jahon | 14:46 / 04.10.2022
14869
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Putin bilan har qanday muzokaralardan rasman bosh tortdi

Ukraina Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan har qanday muzokaradan rasman bosh tortdi. 

Foto: AP

Mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining 30 sentabrdagi qarorini kuchga kiritish haqidagi farmonni imzoladi.

Qayd etilishicha, bu hujjat Rossiyaning Ukraina hududlarini annexia qilishi munosabati bilan qabul qilingan.

Bundan oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak amerikalik milliarder Ilon Maskning o‘z davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘li haqidagi taklifiga izoh bergandi. 

Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask Twitter'dagi sahifasida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi mavjud vaziyat haqidagi fikr yozib, sulhga erishishning ehtimoliy yo‘llarini aytib o‘tgan edi.

Mask, agar Qrim tahdid ostida bo‘lsa, Rossiya aholining umumiy safarbarligini boshlashi, bu esa «har ikki tomondan o‘limlarga olib keladi», degan fikrni bildirdi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, Rossiya aholisi Ukrainanikidan uch baravar ko‘p, shuning uchun «umumiy urush» holatida Ukraina g‘alaba qozonishi dargumon. «Agar Ukraina xalqi siz uchun muhim bo‘lsa, tinchlikka erishish yo‘llarini qidiring», - dedi u.

O‘z navbatida, Volodimir Zelenskiy Twitter'dagi sahifasida «Sizga qaysi Ilon Mask ko‘proq yoqadi?» so‘rovnomasini boshladi. Javob variantlari - «Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydigan» va «Rossiyani qo‘llab-quvvatlaydigan».

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, 2022 yil fevral oyida Ilon Mask Kiyevga Starlink sun’iy yo‘ldosh internet terminallarini bepul taqdim etdi.

Ular yuqori tezlikdagi internetdan kerakli sharoit mavjud bo‘lmagan joylarda foydalanish imkonini beradi va Ukraina armiyasiga, jumladan, artilleriya zarbalarini muvofiqlashtirish va dronlarni boshqarish imkonini taqdim etadi.

Mavzuga oid