O‘zbekiston | 20:59 / 06.10.2022
21731
5 daqiqa o‘qiladi

Orden muhokamasi, “mobil qullik”dan chiqish, Starlink va Uztelecom - kun iqtiboslari

Kun.uz kun davomida axborot makonida yangragan eng asosiy fikrlar va bayonotlarni berib boruvchi “Kun iqtiboslari” ruknini tashkil etmoqda. 6 oktyabr, payshanba kunining muhim iqtiboslari bilan tanishing.

“O‘zbekiston ham katta oila, yaxshisi ham, yomoni ham o‘zimizniki”

Prezident Shavkat Mirziyoyev:

— Vaqti kelib barcha masalalar mahallada hal qilinishiga erishamiz. Mahallalar tinch bo‘lsa, men Toshkentdagi ish kabinetimda tinch o‘tira olaman. O‘zbekiston ham katta oila, yaxshisi ham, yomoni ham o‘zimizniki. Biz shu yomonlarni ham to‘g‘ri yo‘lga solish ustida ishlashimiz kerak. Bunda mahalla faollarining, oqsoqollar, imomlarimizning roli katta. Yoshlarimizga bugungi kun mohiyatini, tinchligimiz qadrini tushuntirishimiz kerak. Atrofdagi vaziyat bizni sergaklantirishi zarur.

“Asimmetrik javob: orden berish, tug‘ilgan kun bo‘lsa, tug‘ilgan kun-da!”

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

— O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev bugun tug‘ilgan kuni, ya’ni 70 yilligini nishonlayotgan V.Putinni O‘zbekistonning “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlabdi. Iyul oyida V.Putin O‘zbekiston prezidentini “Aleksandr Nevskiy” ordeni bilan mukofotlagan edi. Asimmetrik javob: orden berish, tug‘ilgan kun bo‘lsa, tug‘ilgan kun-da!

[...] O‘zbekiston tarafi vazmin va mulohazali javob qaytardi. Ordenni olishdan bosh tortish, bir tomondan boshqalarning (Qozog‘iston) ishini takrorlash, ikkinchi tomondan konfliktli demarsh bo‘lardi. Birinchi savdo-iqtisodiy hamkor bilan tep-tekis joyda zo‘riqishga borish, kimga kerak? O‘zbekiston tarafi ordenni olib, vaqti kelganda, o‘zining boshqalarga keng beriladigan ordenini berib, munosib javob qaytardi. Chiroyligina sharqona diplomatiya!

“Uztelecom Starlink'dan ko‘ra 4-5 barobar tez internetni istalgan xonadonga olib borishi mumkin”

Sherzod Shermatov, AKT vaziri:

— Ko‘pchilik “Ilon Maskning Starlink interneti qachon bizga keladi?” deb so‘raydi. Undan 4-5 barobar tez va arzon bo‘lgan internetni Uztelecom hozir istalgan xonadonga olib borib berishi mumkin. Starlink'ka oyiga 100-500 dollar to‘lash kerak, bizga unaqa pul to‘lash shartmas, arzonroq to‘lasa, uyiga bemalol olib borib beriladi. Shunaqa imkoniyatimiz bor.

O‘zbekistonliklar “mobil qullik”dan chiqishiga oz qolgani aytildi

Sherzod Shermatov, AKT vaziri:

— Bir operatorda ishlatayotgan raqamingizni boshqa operatorga o‘tkazish uchun texnologik yechim deyarli ishlab chiqilgan. Integratsiya va xavfsizlik masalalari qolgan. Ya’ni sizning nomingizdan boshqa odam kimgadir telefon qilishi kabi muhim xavfsizlik jihatlari bor. Boshqa davlat organlari bilan bu ishlarni oxiriga yetkazamiz.

“Agar birinchi demokratiya tajribasi shakllansin, ana undan keyin erkinlik bo‘ladi deyilsa, erkinlik hech qachon bo‘lmaydi”

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

— Demokratiya, erkinlik jarayonda shakllanadi. Agar birinchi demokratiya tajribasi shakllansin, ana undan keyin erkinlik bo‘ladi deyilsa, erkinlik hech qachon bo‘lmaydi. Birinchi ma’muriyat davrida axborot shu qadar qattiq nazorat qilindiki, jamiyatda erkin fikrlashni va erkin axborot oqimini shakllantirishning imkoni bo‘lmadi.

Markaziy Osiyo davlatlarining konstitutsiyalari g‘irt demokratik konstitutsiyalar, lekin ular ishlamaydi. Uning ishlashi uchun juda ham keng siyosiy elita kerak. O‘zbekistonda siyosiy elita keyingi 6 yilda kengayyapti. Lekin mening nazarimda tez emas, anchagina sekin kengayyapti.

“Tanish-bilish ko‘p, “lyuboy” narsani bittada bajarsang bo‘ladi”

Samarqandning Past Darg‘om tumanidagi qoidabuzar profilaktika inspektorining tanishi bilan suhbatidan:

— Juma [shahri]da ham umuman ishlab bo‘lmay qoldi, hamma tanib qoldi.

— Shaharga ko‘chirsangiz bo‘lmaydimi ishni?

— Eee, Juma “normalniy”. Tanish-bilish ko‘p, “lyuboy” narsani bittada bajarsang bo‘ladi.

Voqea tafsilotlari bilan Kun.uz materialida batafsil tanishing.

Mavzuga oid