O‘zbekiston | 21:49 / 07.10.2022
40349
5 daqiqa o‘qiladi

Uyatga qolgan senator, shimoldan esgan buhron va hazillashmayotgan Putin - kun iqtiboslari

7 oktyabr, juma kunida axborot makonida yangragan eng muhim va qiziqarli fikrlar hamda bayonotlar – “Kun iqtiboslari” ruknida.

Senator Konstitutsiyani o‘qimaganini bildirib qo‘ydimi?

Abira Husaynova, Konstitutsiyada bor qoidani yangi Konstitutsiya loyihasiga kiritishni taklif qilgan senator:

— Ma’lumki, tarixiy-milliy qadriyatlarimiz ham erkaklar, ham ayollar zimmasiga birdek vazifalar qo‘yadi. Ayrim hollarda bundan bir tomonlama xulosa chiqarilayotgani ham bor gap. Shuning uchun Konstitutsiyada “Xotin-qizlar va erkaklar qonun oldida teng huquqlidirlar”, degan norma kiritilishini taklif qilaman.

Ukrainani qo‘llagan O‘zbekistonga shimoldan kelgan iqtisodiy buhron

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov – sobiq TIV rahbari A.Komilovning Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab bergan bayonoti haqida:

— Abdulaziz Komilovning o‘sha chiqishi O‘zbekistonning eng dadil chiqishi edi. Biroq o‘sha chiqishdan keyin biz uchun 1 hafta iqtisodiy buhron boshlandi. Bilasizmi, O‘zbekistonning shimol tomondan okeanga ochilish yo‘nalishi 1 haftaga maxsus falajlantirildi.

“Har bir bergan pulimizni ochiq budjet bo‘lib, odamlarning o‘zi tasdiqlasa, qanday yaxshi bo‘lardi”

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston prezidenti:

— Ochiq budjet bo‘yicha odamlarimiz o‘rganib oldimi? Adolat bo‘lsa, jamiyatda o‘zgarish bo‘lyapti, to‘g‘rimi? Bu jarayonga hech kim aralashmayapti-ku. Tasavvur qilinglar, har bir bergan pulimizni ochiq budjet bo‘lib odamlarning o‘zi tasdiqlasa, qanday yaxshi bo‘lardi. O‘n karra ko‘p adolat bo‘lardi, o‘n besh karra pul qisqarardi.

Minglab Damas'lar yurgan O‘zbekistonga “Captiva-5” mos kelmas ekan

Jamshid Baxshillayev, UzAuto Motors'ni sudga bergan iste’molchi:

— Davlat tashkilotlari beradigan sertifikatlar kuchlimi yoki qaysidir tashkilotning ichki xulosalari ustun turadimi? Agar ularning xulosasi ustun tursa, ertaga biz ham o‘z ichki xulosamiz orqali qonunni aylanib o‘tish yo‘llarini izlaymiz. Agar “Captiva-5” avtomashinasi talablarga mos bo‘lmasa, 1996 yilda olib kelingan Damas avtomashinasini tekshiruvdan o‘tkazib, xalqqa bir ko‘rsatib beringlar.

“Xalqchil Konstitutsiyani yaratish uchun shoshilmaslik kerak”

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston prezidenti:

1 avgustgacha konstitutsiyamizga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha aholimizdan 150 mingta taklif kelib tushdi. Tasavvur qilyapsizlarmi?! Odamlarimiz ertangi kuniga befarq emasligidan dalolat bu.

1 avgustdan keyin ham muhokamalar davom etdi va yana ikki yarim mingta taklif kelib tushdi. Hozir takliflar ustida komissiya ishlayapti. Endi ham bo‘lsa mukammal, xalqchil, odamlarning dardiga kafolat bo‘la oladigan konstitutsiyani yaratish uchun, mening taklifim shuki, shoshilmaslik kerak

Qirg‘izistonda bayroq va madhiyani o‘zgartirish taklif etildi

Arslanbek Maliyev, Qirg‘iziston parlamenti deputati:

— Qirg‘izlarning bayrog‘i ko‘k rangda bo‘lgani tarixdan ma’lum. Shu tufayli bayroq rangini o‘zgartirishimiz kerak. Bu haqda qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Madhiyadagi ba’zi so‘zlar ham o‘zgartirilishi lozim. Tarixiy ramzlarimizga qaytish vaqti keldi.

“Hosil yetishtirib, och qolmasliklari uchun Yevropaga yuboramiz”

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko – RF prezidenti Vladimir Putinning tug‘ilgan kuniga traktor sovg‘a qilgani haqida:

— G‘alla ekamiz va yana boshqa narsalarni. Hosil olib, och qolmasliklari, Ukrainadagi g‘allani o‘marmasliklari uchun Dudaga yoki Moravetskiga, Yevropaga yuboramiz.

Ozarboyjon va Armaniston yil oxirigacha tinchlik shartnomasini tuzishi mumkin

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev – Armaniston bilan tinchlik shartnomasi haqida

— O‘ylaymanki, agar yaqin orada qaror qabul qilinsa, ikki davlat ishchi guruhlari tinchlik shartnomasi matni ustida ishlay boshlaydi. Yil oxirigacha kelishuvga erisha olamiz.

“U hazillashmayapti”

Jo Bayden, AQSh prezidenti:

— Biz Kubadagi raketa inqirozidan keyingi davrda ilk marta, agar hammasi shu yo‘nalishda rivojlanishda davom etsa, yadroviy qurol bilan real tahdidga duch kelib turibmiz.

Men bu yigitni [Putin nazarda tutilmoqda] juda yaxshi bilaman. Taktik yadro qurollari yoki biologik yo kimyoviy qurollar haqida gapirayotganida u hazillashmayapti, chunki uning armiyasi ortda qolyapti.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid