“O‘zbekiston ham katta oila, yaxshisi ham, yomoni ham o‘zimizniki” – Shavkat Mirziyoyev
Bugun, 6 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Dastlab Sirdaryo tumani “Arslon bobo” fermer xo‘jaligi hududida faollar bilan uchrashgan davlat rahbari dalalardagi hosildorlik, muammolar yechimi bo‘yicha ishlar bilan ham qiziqdi.
“Vaqti kelib barcha masalalar mahallada hal qilinishiga erishamiz. Mahallalar tinch bo‘lsa, men Toshkentdagi ish kabinetimda tinch o‘tira olaman. O‘zbekiston ham katta oila, yaxshisi ham, yomoni ham o‘zimizniki. Biz shu yomonlarni ham to‘g‘ri yo‘lga solish ustida ishlashimiz kerak. Bunda mahalla faollarining, oqsoqollar, imomlarimizning roli katta. Yoshlarimizga bugungi kun mohiyatini, tinchligimiz qadrini tushuntirishimiz kerak. Atrofdagi vaziyat bizni sergaklantirishi zarur.
Men hozir hosildorlikni oshirish evaziga paxta maydonini qisqartirib, aholiga yer bo‘lib berish bo‘yicha qarorlar qabul qilyapman. Sirdaryo aholisiga 50 sotixdan ajratilyapti. U yerda sabzi ekilsa ham qancha daromad qilish mumkin?! Andijonliklar 10 sotixdan uch martalab hosil olishyapti. Bundan maqsad ishsizlikka qarshi kurashish. Chunki ishsiz odam tushkunlikka tushadi, har kimning yo‘rig‘iga yurib ketadigan bo‘ladi.
Sirdaryo ham hosildorlikni, xalq farovonligini oshiradigan payt keldi. Mening maqsadim – bu viloyatni ishsizlik tugatilgan hududga aylantirish. Men Vengriyaga tashrifimdan keyin Sirdaryoga kelganim bejizga emas. Yil yakunlanyapti, barcha muammolarni muhokama qilib olishimiz, kelgusi yil uchun hozir zamin tayinlashimiz kerak”, – deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
“Arslon bobo” fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 90 gektar, shundan 46 gektari paxta, 42 gektari g‘alla va 2 gektar kartoshka. 2021 yilda 33 sentnerdan jami 158 tonna paxta yetishtirgan va shartnomani 115 foizga bajargan.
Mavzuga oid
07:35
Shavkat Mirziyoyev Rossiya hukumati raisining o‘rinbosarini qabul qildi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
12:39 / 01.11.2024
Kichik GESlar “sanoat ipotekasi” asosida tadbirkorlarga beriladi
12:38 / 01.11.2024