Jahon | 10:10 / 10.10.2022
6027
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada narxlar oshishiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi

«Qashshoqlikka qarshi» shiori ostidagi aksiya Praga markazida bir necha ming kishini jamladi. Hukumatdan yordam talab qilgan mitingni Chexiya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi tashkil qilgan.

Foto: point.md

Pragadagi Vatslav maydoniga bir necha ming kishi energiya va oziq-ovqat narxlari oshishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi. Miting Chexiya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi CMKOS tomonidan hukumatdan yordam so‘rab, «Qashshoqlikka qarshi» shiori ostida o‘tkazildi.

Uning raisi Yozef Stredulaning so‘zlariga ko‘ra, «biz qiladigan ishimiz yo‘qligi uchun emas, balki kelajagimizdan qo‘rqayotganimiz uchun keldik». Namoyishchilar hozirda oyiga 644 yevro bo‘lgan eng kam ish haqini oshirish, shuningdek, kundalik tovarlar narxini davlat tomonidan tartibga solishni talab qilishgan.

Ayni paytda, Milliy statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida Chexiyada narxlarning o‘sishi yillik nisbatda 17,2 foizni tashkil etdi. Favqulodda chora sifatida, bosh vazir Petr Fiala boshchiligidagi o‘ng markazchi hukumat noyabr oyi boshidan kuchga kiradigan, uy xo‘jaliklari va kichik biznes uchun elektr energiyasi va gaz narxlariga cheklov joriy qildi.

Avvalroq, 29 sentabr kuni Pragada o‘n minglab odamlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida «betaraflik» talabi bilan namoyish o‘tkazgan edi – bu aksiya millatchilar va YeI tanqidchilari tomonidan uyushtirilgan. Namoyishchilarning asosiy talabi Chexiya bosh vaziri Petr Fiala boshchiligidagi hukumatning iste’foga chiqishi edi, chunki u Yevropa ittifoqining Kremlga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Undan oldin, 3 sentabr kuni Pragada 70 mingga yaqin odam hukumatdan iste’foga chiqish, energiya narxini pasaytirish va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga neytral munosabatda bo‘lishni talab qilib namoyishga chiqqan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid