Jahon | 22:39 / 10.10.2022
19173
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Yevropaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatadi 

Ukraina Energetika vazirligi 11 oktyabrdan boshlab Yevropa Ittifoqiga elektr energiyasi eksportini to‘xtatishini ma’lum qildi. 

Foto: Reuters

Bu Rossiyaning yirik raketa hujumidan keyin energetika tizimini barqarorlashtirish uchun zarur. Idoraning aniqlik kiritishicha, elektr nimstansiyalari o‘qqa tutilgani sababli, issiqlik generatsiya qilish tizimi zararlangan. 

Vazirlik Ukrainadan elektr energiyasi eksporti Yevropaga Rossiya gazini almashtirish imkonini berganini, shuningdek, Yevropa energetika tizimining barqarorligini qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qildi. 

«Bugungi raketa hujumlari elektr nimstansiyalariga zarba berdi va issiqlik generatsiya qilish tizimiga zarar yetkazdi. Bu esa Ukrainani o‘z energiya tizimini barqarorlashtirish uchun 2022 yil 11 oktyabrdan boshlab, elektr energiyasi eksportini to‘xtatishga majbur qildi», — deyiladi bayonotda. 

«Ukrainadan elektr energiyasi eksporti Yevropaga Rossiya energiya resurslarini iste’mol qilishni kamaytirishga yordam berdi. Shu sababli, Rossiya bizning energetika tizimimizni vayron qilmoqda, Ukrainadan elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatini yo‘q qilmoqda», - dedi Ukraina energetika vaziri German Galushchenko. 

Ukrainaning «Ukrenergo» elektr uzatish tizimi operatori mart oyidan Polshaga, may oyidan esa Moldovaga eksport qilishni boshlagan, 30 iyun kuni Ruminiya bilan, 7 iyuldan Slovakiya bilan elektr energiyasi savdosi yo‘lga qo‘yilgan edi. 

10 oktabr kuni ertalab Ukraina hududi Rossiyadan raketa hujumlariga uchradi. Kiyev, Jitomir viloyati, Odessa va Xarkiv shaharlari o‘qqa tutildi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, 5 kishi halok bo‘ldi, 30 dan ortiq kishi jarohatlandi, 11 ta muhim infratuzilma obekti shikastlandi. Ukrainaning bir qancha viloyatlarida elektr energiyasi va suv ta’minotida uzilishlar kuzatildi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid