O‘zbekiston | 20:30 / 11.10.2022
15453
3 daqiqa o‘qiladi

Aholi kayfiyati, elektromobillar va Kiyevga havo mudofaasi - kun iqtiboslari

11 oktyabr, seshanba kuni axborot makonida asosiy diqqat markazida bo‘lgan fikrlar va bayonotlar - “Kun iqtiboslari” ruknida.

“Aholi kayfiyati – islohotlarimiz va siyosatimizning ko‘zgusi”

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston prezidenti:

— Barcha hokim va vazirlar eshitib olsin. Prezident siyosati va talabi shunday: hech bir fuqaro o‘zining muammolari bilan yolg‘iz qolmasligi kerak. Aholi kayfiyati – islohotlarimiz va siyosatimizning ko‘zgusi.

Katta-kichik bo‘ladimi, aholimiz ko‘targan har bir muammoga o‘z vaqtida munosabat bildirish, ularni bosqichma-bosqich hal qilish barcha darajadagi rahbarlarning eng ustuvor vazifasi bo‘lishi shart va zarur.

“Odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni albatta asrab-avaylaydi”

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston prezidenti:

— Kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli budjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi.

Shunda adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni albatta asrab-avaylaydi.

Prezident elektromobil ishlab chiqarishni tezroq boshlash kerakligini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev – O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarishni boshlash kerakligi haqida:

— Har bir qarorimizda bir yillik emas, o‘n yilliklarni ko‘zlashimiz kerak. Ekologiyani inobatga olib, kelajakni inobatga olib, bu tarmoqni hozirdan rivojlantirishimiz zarur. Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo bo‘ladi. Boshqa elektromobil kompaniyalari ham keladi.

Ukrainadagi o‘zbekistonliklarga murojaat

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi:

— Elchixona yana bir bor vatandoshlarimizni ziddiyat iziga tushguniga qadar Ukrainaga sayohat qilishdan cheklanishga chaqiradi.

Bundan tashqari, frontdagi vaziyatning keskinlashuvi hamda butun Ukraina bo‘ylab raketa va artilleriya zarbalarining davom etishi ehtimoli yuqoriligidan kelib chiqib, vatandoshlarimizdan shaxsiy xavfsizlik nuqtai nazaridan ushbu mamlakatni tark etishlarini so‘raymiz.

AQSh Kiyevga HHM tizimlarini beradi

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari va’da qildi:

— AQSh bugun Rossiya tomonidan Ukrainaga, jumladan Kiyevga qarshi berilgan raketa zarbalarini keskin qoralaydi. Bu hujumlar oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘ldi va yaralandi, hech qanaqasiga harbiy maqsadlari bo‘lmagan obektlar vayron qilindi.

Bu hujumlar Ukraina xalqini qancha kerak bo‘lsa shuncha qo‘llab-quvvatlash qarorimizni yanada mustahkamlaydi.

Rossiyaning g‘alabasi – NATOning mag‘lubiyati

Yyens Stoltenberg, NATO bosh kotibi:

— Ukrainadagi nizoda Rossiyaning g‘alaba qozonishi NATOning mag‘lubiyatini anglatadi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Zelenskiy va Putin 1 oydan keyin uchrashadi

Retno Marsudi, Indoneziya tashqi ishlar vaziri:

— Volodimir Zelenskiy va Vladimir Putin Bali orolida o‘tadigan G20 sammitida ishtirok etadi.

Mavzuga oid