Jahon | 12:33 / 11.10.2022
16788
4 daqiqa o‘qiladi

Bayden Ukraina shaharlariga zarbalarni qoraladi va Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlari va’da qildi

U ushbu hujumlar Amerikaning Ukraina xalqini uzoq vaqt davomida qo‘llab-quvvatlash qarorini yanada mustahkamlashini ta’kidlagan.

Foto: Gage Skidmore

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukraina shaharlari bo‘ylab 10 oktyabr kuni yo‘llagan havo zarbalarini qat’iy qoraladi. Bu haqda Oq uy saytida xabar qilingan.

«AQSh bugun Rossiya tomonidan Ukrainaga, jumladan Kiyevga qarshi berilgan raketa zarbalarini keskin qoralaydi. Bu hujumlar oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘ldi va yaralandi, hech qanaqasiga harbiy maqsadlari bo‘lmagan obektlar vayron qilindi. Bu zarbalar yana bir bor Putinning ukrain xalqiga qarshi noqonuniy urushining haddan tashqari shafqatsizligini namoyish etadi», — deyiladi bayonotda.

U qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanuvchilarga tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.

Bayden ukrainalik hamkasbi Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotda Vashington Kiyevga «o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan» yordam, jumladan, eng ilg‘or havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishiga ishontirgan.

«Bu hujumlar Ukraina xalqini qancha kerak bo‘lsa shuncha qo‘llab-quvvatlash qarorimizni yanada mustahkamlaydi. Ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan biz Rossiyani tajovuzkorligi uchun jazolashda davom etamiz, Putin va Rossiyani vahshiylik va harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortib, Ukraina kuchlariga o‘z mamlakati va erkinligini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan yordamni beramiz.

Biz yana bir bor Rossiyani bu asossiz tajovuzni zudlik bilan to‘xtatishga va o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqib ketishga chaqiramiz», — deya qayd etgan Amerika prezidenti.  

10 oktyabr kuni Rossiya qo‘shinlari Ukraina bo‘ylab yoppasiga raketa yog‘dirdi, natijada 14 kishi halok bo‘lib, 97 kishi yaralangan. Kiyev markazi va butun mamlakat bo‘ylab fuqarolik infratuzilmalari shikastlangan, 1300 dan ortiq aholi yashash manzillari chiroqsiz qolgan.

Energetika infratuzilmasi o‘qqa tutilgani va zararlangani tufayli, Ukraina o‘z energiya tizimini barqarorlashtirish uchun 11 oktyabrdan Yevroittifoqqa elektr energiyasi eksportini to‘xtatib turishga qaror qildi. Shuningdek, aholidan yuklama oshib ketmasligi uchun elektr energiyasini tejash so‘ralgan.

G‘arb davlatlari Rossiya raketa zarbalarini qat’iy qoralab, buni «varvarlik» va «harbiy jinoyat» deb baholamoqda.

Putin raketa zarbalari 8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida ro‘y bergan portlash uchun javob ekanini aytgan. Kremlda bu hodisa «terakt» deb baholangan va uni Ukraina maxsus xizmatlari uyushtirgani da’vo qilingan.

Forbes nashri hisoblashicha, Rossiya 10 oktyabr kuni Ukraina bo‘ylab raketa zarbalari berish uchun kamida 400 million dollar (700 milliongacha) sarflagan. Bu summa faqat nishonlarga tekkan 41 raketa va 11 ta dronni o‘z ichiga oladi. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya shu kuni Ukraina hududiga 84 raketa uchirgan, shundan 43 tasi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali tutib qolingan. Shuningdek, 24 ta uchuvchisiz uchish qurilmalaridan 13 tasi urib tushirilgan.

Mavzuga oid