Jahon | 16:42 / 15.10.2022
18336
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina o‘zining Xerson oblastini Rossiyadan qaytarib olish uchun hujum boshladi

Foto: AP

Xerson oblasti okkupatsion «ma’muriyati» rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov o‘zining Telegram-kanalida Ukraina Qurolli kuchlari «Dudchani-Berislav hududiga hujum uyushtirishga uringanini» ma’lum qildi. 

U bu haqda ertalab Rossiya televideniyesidagi «Solovev Live» dasturida e’lon qildi va «avvaldan kutilgan faol bosqich» boshlanganini bildirdi. 

«Rasmiy» yana bir bor Ukraina Qurolli kuchlarining annexia qilingan hududlarni ozod qilishga urinishlari qaytarilishini ta’kidladi, ammo shundan so‘ng u Xerson oblasti aholisiga «gumanitar yordam imkoniyatidan foydalanib, Rossiya Federatsiyasiga dam olish va sog‘lomlashtirish uchun yo‘l olishni» maslahat bergan yana bir postni e’lon qildi. 

Bundan oldin BMT Bosh assambleyasi Rossiyaning Ukraina to‘rtta hududini annexia qilganini qoralovchi rezolyutsiyani ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilgandi. 

«Ukrainaning hududiy yaxlitligi. BMT nizomi tamoyillarini himoya qilish» hujjati o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR», «LXR», shuningdek, Rossiya tomonidan bosib olingan Zaporijjya va Xerson oblastlari hududlarida o‘tkazilgan «referendumlar»ni tan olmaydi. 

Ta’kidlanishicha, soxta referendumlar yuridik kuchga ega emas va bu hududlarning maqomini o‘zgartirish, jumladan, Rossiyaga qo‘shib olish uchun asos bo‘la olmaydi.

Rezolyutsiyani 143 davlat vakillari qo‘llab-quvvatladi, 35 tasi betaraf qoldi. Yana besh davlat – Rossiya, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya va Nikaragua bunga qarshi chiqdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid