O‘zbekiston | 09:15 / 18.10.2022
7258
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida mavjud aviaqatnovlar soni oshiriladi 

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi turizm sohasidagi amaliy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish muhokama qilindi.

Foto: Dunyo

O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahadov ushbu davlat Sayyohlik agentlari uyushmasi prezidenti (Travel Agens Association of India - TAAI) Jyoti Mayal va Tashqi turoperatorlar uyushmasi prezidenti Riaz Munshi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo».

Hindiston Sayyohlik agentlari uyushmasi prezidenti Jyoti Mayal O‘zbekiston turizm sohasidagi salohiyatini e’tirof etib, undan to‘liq foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholadi. O‘zbekiston turizm salohiyatini uyushma a’zolari o‘rtasida keng targ‘ib etish orqali hindistonlik sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanligini ta’kidladi.

Hindiston Tashqi turoperatorlari uyushmasi prezidenti (Outbound Tour Operators Association of India OTOAI) Riaz Munshi O‘zbekiston an’anaviy ravishda hind sayyohlari o‘rtasida eng sevimli yo‘nalishlardan biri ekanini qayd etdi. Hamkorlik samaradorligini kengaytirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi mavjud aviaqatnovlar sonini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Hindistonning ushbu ikki yetakchi sayyohlik uyushmalari rahbariyati bilan joriy yil yakuniga qadar va 2023 yilda hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlar va rejalar xususida batafsil fikr almashildi.

Hindiston Sayyohlik agentlari uyushmasi 1951 yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda uning tarkibiga 2 500 dan ortiq sayyohlik sohasida faoliyat olib boruvchi turli kompaniyalar kiradi. Hindiston Tashqi turoperatorlari uyushmasi mamlakat turizm sohasidagi eng yirik uyushmalaridan biri bo‘lib, hozirgi vaqtda unga a’zo bo‘lgan turkompaniya va agentliklar soni ikki mingdan oshadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid