Toshkentdagi 85 foiz bino va inshoot nogironlar uchun moslashtirilmagan
Toshkent shahridagi ijtimoiy infratuzilma obektlari va binolarning 85 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashmagan. Nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonun qabul qilinib, xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilingan bo‘lishiga qaramay, ular uchun inklyuziv sharoitlar yaratilmayapti.
Senat Kengashining navbatdagi yig‘ilishida bu yo‘nalishdagi muammolar sanab o‘tildi.
Senator Odiljon Iminov dastlab nogironligi bor shaxslar metrodan foydalana olmayotganini qayd etdi. Boisi, ular uchun qulaylik yaratilmagan, bekatlarning aksariyati panduslar bilan jihozlanmagan, bu esa shaharsozlik me’yorlari talablariga javob bermaydi.
“Qo‘yliq bozorida joylashgan 7-bekatda pandus qiyaligi 45 gradusni tashkil etmoqda (amalda 8 gradus bo‘lishi kerak). Vagon va perron orasidagi bo‘shliq aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironlar uchun jiddiy noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.
“Chilonzor” metro stansiyasidagi hojatxonani loyihalashtirishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin foydalanish imkoniyatlari inobatga olinmagan. Jumladan, hojatxonalardagi baland ostona, tor eshiklar (70 sm), ushlagichlarning mavjud emasligi, qo‘l yuvish rakovinalarining balandligi aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ulardan foydalanish imkonini bermayapti”, – dedi senator.
Shu bilan birga, metroning eski yo‘llaridagi stansiyalar ko‘zi ojiz shaxslar uchun taktil qoplamalarga ega emas. Yangi vagonlarni inobatga olmaganda metropoliten poyezdlarida qulog‘i og‘ir insonlar uchun axborot ma’lumotlar ko‘rsatuvchi elektron tablolar mavjud emas.
Keyingi masala shahar yerusti transportida yetarlicha sharoit yaratilmagani bo‘lmoqda. Ma’lum qilinishicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarning 93 foizi yerusti jamoat transportini to‘siqsizlik nuqtayi nazaridan qoniqarsiz deb baholagan.
Bundan tashqari, yig‘ilishda yo‘l bo‘yi infratuzilma obektlaridagi qator kamchiliklar sanab o‘tildi.
“Ayrim yerusti o‘tish yo‘llarida (Sebzor va A.Qodiriy ko‘chalari kesishmasida) loyihalashtirish jarayonida liftlar ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, amalda mavjud emas. Shuningdek, mazkur joyda eskalatorlar ham ishlamaydi.
Ayrim yerosti o‘tish yo‘llari nostandart panduslar bilan jihozlangan bo‘lib, nogironlik aravachalari g‘ildiraklari mazkur panduslarga sig‘maydi, bu esa harakatlanish imkonini bermaydi”, – dedi Odiljon Iminov.
Qo‘shimcha qilinishicha, jamoat joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur eshitish va ko‘rish ma’lumotlari, relef nuqtali Brayl shriftida tayyorlangan ko‘rsatkich va belgilarning yo‘qligi, shuningdek, piyodalar yo‘lakchalarida texnik moslamalar, ya’ni ko‘zi ojiz shaxslar uchun ovozli ishora bilan jihozlangan svetofor mavjud emasligi ham sezilarli to‘siqlardan biri bo‘lib kelmoqda.
Senatorning aytishicha, bu holatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning yordamga muhtoj tarzda harakatlanish uchun yaqinlariga qaram bo‘lib qolishini taqozo etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz shu yil yozda Toshkent shahri nogironligi bo‘lgan insonlar uchun qanchalik noqulayligini tajribadan o‘tkazib, bu haqda material e’lon qilgan edi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya nihoyat ratifikatsiya qilindi. Bundan qanday umid bor?
Nogironligi bor shaxslarning huquqlarini Konstitutsiyada belgilashga qanday ehtiyoj bor?
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024