Jahon | 14:05 / 03.11.2022
9483
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden: AQSh qo‘shinlari Sharqiy Yevropada uzoq vaqt qoladi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi munosabati bilan Polsha va NATOning boshqa mamlakatlariga yuborilgan qo‘shimcha AQSh qo‘shinlari u yerda uzoq vaqt qoladi. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden aytdi. 

Foto: AP

Bundan bir necha soat oldin Oq uyning strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ham xuddi shunday bayonot bilan chiqqan edi. 

Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar sharqiy qanot xavfsizligini juda jiddiy qabul qiladi va shuning uchun ham prezident Bayden Yevropaga qo‘shimcha 20 ming amerikalik askar yuborgan.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Rossiya Ukrainada yadro qurolidan foydalanish niyatida emasligi haqidagi bayonotiga shubha bilan munosabat bildirgandi. 

27 oktyabr, payshanba kuni Newsnation nashriga bergan intervyusida Bayden ritorik tarzda shunday savol bilan murojaat qildi: «Agar u buni qilmoqchi bo‘lmasa, nega u bu haqda gapiryapti? Nega u taktik yadro qurolidan foydalanish imkoniyati haqida gapiryapti?». U Putinning bu muammoga yondashuvini «juda xavfli» deb hisoblashini ta’kidlab o‘tdi.

Vladimir Putin «Valday» xalqaro munozara klubining yalpi majlisida so‘zga chiqib, Ukraina go‘yoki «iflos bomba portlatish»ni rejalashtirayotganini aytib, buning uchun Rossiyani ayblamoqchi ekanini bildirdi. «Ular uni «Tochka-U» yoki boshqa joyga yuklab, qurilmani qayerdadir portlatib, Rossiya buni qildi - yadroviy zarba berdi, deyishadi. Lekin biz buni qilishimiz shart emas. Bizga kerak emas - na siyosiy, na harbiy jihatdan», dedi Putin.

Ayni paytda, so‘nggi bir necha hafta ichida Rossiya prezidenti ham, Rossiya rasmiylarining boshqa vakillari ham Moskva o‘z yadroviy doktrinasida nazarda tutilgan holatlarda yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini bir necha bor takrorladilar. Bu hujjatda aytilishicha, Rossiya o‘ziga yoki ittifoqdoshlariga yadro quroli yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalangan holda hujumga javoban yoki oddiy qurollar bilan tajovuz sodir etilgan taqdirda, agar «davlatning mavjudligi xavf ostida bo‘lsa, yadroviy quroldan foydalanishi mumkin».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid