Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada safarbarlik chindan ham tugadimi? Asosiy savollarga javoblar
Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoygu 28 oktyabr kuni prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda «qisman» safarbarlik doirasida prezident farmonida belgilangan miqdordagi askarlar yig‘ilganini aytdi. Biroq keyingi kunlarda ham butun Rossiya bo‘ylab erkaklarga chaqiruv qog‘ozlari kelishda davom etdi. Rasmiy ravishda, prezident safarbarlikni tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzolamagunga qadar, harbiy xizmatga chaqirish uchun huquqiy asoslar saqlanib qoladi. Putin esa hali bunday qarorni imzolagani yo‘q.
Rossiya mudofaa vazirligi ham «qisman safarbarlik tadbirlari yakunlangani» haqida e’lon qildi. Vazirlik 1 noyabrdan chaqiruv qog‘ozlarini yetkazib berish to‘xtatilgani, safarbarlik uchun foydalanilgan binolar oldingi vazifasiga qaytarilishini ma’lum qildi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, harbiy komissarliklarning shaxsiy tarkibi ham odatdagi xizmatiga qaytadi. Rossiyada harbiy xizmatga kuzgi chaqiruv esa 1 noyabrdan 31 dekabrgacha davom etadi, prezident farmoniga ko‘ra, bu muddatda 120 ming kishi harbiy xizmatga chaqirilishi kerak.
Bundan tashqari, RF mudofaa vazirligi kelajakda faqat ko‘ngillilar va shartnoma tuzgan askarlargina mamlakat qurolli kuchlariga yuborilishini va’da qildi. Aynan mudofaa vazirligi bayonotidan so‘ng Putin jurnalistlarga safarbarlikni yakunlash uchun maxsus farmon kerak yoki yo‘qligini «o‘ylab ko‘rmagani» va bu masalada «huquqshunoslar bilan maslahatlashishi»ni aytdi.
Keyinroq, prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin «huquqshunoslar bilan maslahatlashgani»ni bildirdi va huquqshunoslar prezidentga «qisman safarbarlik»ni tugatish to‘g‘risida alohida farmon talab qilinmasligi, safarbarlik bunday hujjatsiz ham yakunlanishi mumkinligini aytganini ma’lum qildi.
Xo‘sh Rossiyada safarbarlik endi tugadimi?
Amalda yo‘q.
29 oktyabr kuni Peterburgda yashovchi erkak kvartirasining pochta qutisidan chaqiruv qog‘ozini oladi. Unda fuqaroga 30 oktyabr kuni soat 09:00 da harbiy komissariatga borishi kerakligi aytilgan. U bu yerda yashashini hech qayerga yozmagan, hamma joyda o‘zining qishloqdagi manzilini belgilagandi.
U safarbarlik boshlangandan buyon yashirinib kelgan va jamoat joylariga chiqmagan. Erkak harbiy komissariatdagilar uni qanday topganidan bexabar. U belgilangan vaqtda komissariatga bormagan va yashirinishda davom etgan.
Harbiy komissariatdagilar 31 oktyabr kuni irkutsklik 24 yoshli yigitning uyiga ham chaqiruv qog‘ozi olib borgan. «Ukam anchadan beri uyida yo‘q edi, ular otamga chaqiruv qog‘ozini berishga harakat qildi, ammo otam uni olmadi» deydi yigitning opasi. Uning ukasi vrach bo‘lib, harbiy xizmat o‘tamagan, biroq safarbarlik talablariga to‘g‘ri kelgan. Komissariat vakillari yigitga yaqin kunlarda harbiy komissariatga borishi kerakligini yetkazib qo‘yishni so‘rab, jo‘nab ketadi.
Xabarovsklik Mixailning ota-onasi (qahramonning ismi uning iltimosiga binoan o‘zgartirilgan) 30 oktyabr kuni kechqurun o‘g‘lining nomiga chaqiruv qog‘ozi oladi. Mixail safarbarlik boshlanishi bilanoq Rossiyani tark etgandi. Uning onasi komissariat xodimlariga o‘g‘li anchadan beri xorijda ekanini aytadi. Shundan so‘ng xodim chaqiruv qog‘ozi orqasiga «chet elda» deb yozib qo‘ygan.
Oxirgi bir necha kun ichida turli hududlardagi harbiy komissariatlar Shoyguning bayonotidan keyin ham chaqiruv qog‘ozlari berilishi davom etayotganini ma’lumotlarni tekshirish zarurati deya izohladi.
«Hozir yetkazilishi mumkin bo‘lgan chaqiruv qog‘ozlarini safarbarlik sifatida emas, balki ma’lumotlarga aniqlik kiritish sifatida qabul qilish lozim. Bu bizga zaxiradagilarning yangilangan ma’lumotlar bazasini shakllantirish uchun kerak. Biz hozir buni tartibga solishimiz joiz», degan Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoyt.
Xuddi shunday bayonot Penza oblasti harbiy komissari tomonidan ham berilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 28 oktyabrdan keyin chaqiruv qog‘ozini olib, harbiy komissariatga kelganlardan harbiy sifatidagi kasbiy ma’lumoti, kasalligi borligi, yashash joyi va boshqa ma’lumotlar olinadi.
Biroq, bu so‘zlarga zid bo‘lgan holatlar ham ma’lum.
Shoygu Putinga safarbarlik rejasi bajarilgani haqida hisobot bergan kuni Shuyskiye sitsy fabrikasida ishlovchi ivanovolik 24 yoshli Dmitriy Kutsenkoning ish joyiga chaqiruv qog‘ozi kelgan. Ish beruvchi Kutsenkoga bron (safarbarlikdan himoya qog‘ozi) beradi. Ertasi kuni Kutsenko narsalari bilan harbiy komissariatga boradi. U bronni o‘zi bilan olmaydi (safarbarlik tugaganiga ishonadi). Undan pasporti, chaqiruv qog‘ozi va harbiy biletini olib qo‘yishadi va uni shu yerdan Vladimir oblasti, Kovrov shahridagi harbiy qismga olib ketishadi.
Rostov oblastining Bataysk shahridan bo‘lgan fuqaro 27 oktyabr kuni chaqiruv qog‘ozi oladi va 28 oktyabr kuni, Shoyguning safarbarlik tugagani haqidagi e’lonidan xabar topib, ertasi kuni harbiy komissariatga boradi.
U yerda unga chaqiruv qog‘ozi hali amalda ekanini aytishadi va uni ko‘ngilli sifatida ro‘yxatga olishadi. Fuqaroga 2 noyabr kuni narsalari bilan tayyor holatda komissariatga kelish tayinlanadi. Fuqaro jurnalistlarga aslida ko‘ngilli bo‘lishga rozilik bermaganini aytgan.
Shunday qilib, prezident «qisman» safarbarlikni yakunlash to‘g‘risidagi farmonni imzolamagunga qadar mudofaa vazirligi istalgan vaqtda hududlarga yangi safarbarlik rejasini yuborishi mumkin, shundan so‘ng safarbarlik qayta boshlanadi.
Rossiya Federatsiyasida safarbarlik 1997 yilda qabul qilingan federal qonun talablariga ko‘ra, Vladimir Putinning farmoni bilan e’lon qilindi. Ammo bu qonunda «demobilizatsiya» atamasi tilga olinmagan va safarbarlikni tugatish yoki to‘xtatish qoidalari ham ko‘rsatilmagan. Biroq, qonunning 4-moddasida safarbarlikni yakunlash to‘g‘risidagi qaror faqat davlat rahbari tomonidan qabul qilinishi mumkinligi ko‘rsatilgan muhim band bor:
«Rossiya Federatsiyasi prezidenti ushbu moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan vakolatlarga qo‘shimcha ravishda, safarbarlikka tayyorgarlik va safarbarlik sohasida ushbu federal qonun bilan tartibga solinmagan boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi».
«Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikov ham «Meduza» nashriga RF mudofaa vazirligining «safarbarlik tadbirlari»ni tugatish haqidagi bayonoti huquqiy kuchga ega emasligini tasdiqlagan. Hudud rahbarlari yoki prezident matbuot kotibining va’dalari hukumatga hech qanday majburiyat yuklamaydi.
Bundan tashqari, Putinning bayonoti ham Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga toki bu haqida alohida qonun qabul qilinmagunga qadar hech qanday kafolat bermaydi.
Putin nega safarbarlikni yakunlash to‘g‘risidagi farmonni imzolashni xohlamayapti?
Aniq aytish qiyin.
Lekin shuni aytish mumkinki, agar prezident «qisman» safarbarlikni tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzolasa, bunday hujjat shartnoma bo‘yicha barcha harbiy xizmat o‘tayotganlarning o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqishiga imkon yaratadi, shuningdek, bu safarbar qilinganlarni demobilizatsiya qilishni ham anglatadi.
Bu Putinning «qisman» safarbarlik to‘g‘risidagi farmonida «safarbarlik orqali harbiy xizmatga chaqirilganlar RF qurolli kuchlarida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar maqomiga ega bo‘lishi» haqidagi qoida mavjudligi bilan bog‘liq. Harbiy xizmat uchun tuzilgan shartnomalar esa «qisman safarbarlik tugagunga qadar» amal qiladi.
Putin yangi safarbarlik bo‘lmasligi, biroq safarbar qilinganlar frontda qolishi haqida buyruq chiqarishi mumkinmi?
Prezidentning bu boradagi vakolatlari shunchalik kengki, boshqacha variantlar ham tanlanishi mumkin.
Inson huquqlarini himoya qiluvchi «Fuqaro. Armiya. Qonun» guruhi direktori Sergey Krivenko mustaqil Rossiyada safarbarlik birinchi marta amalga oshirilayotganini va shuning uchun bu borada aniq normalar ishlab chiqilmaganini qayd etdi.
Shu sababli, Vladimir Putin turli variantlardan foydalanishi mumkin. Masalan, u sentabr va oktyabr oylarida harbiy xizmatga chaqirilganlarni demobilizatsiya qilish, lekin ular o‘rniga yangi harbiy xizmatchilarni safarbar qilish haqida qaror qabul qilishi ham mumkin.
Harbiy nuqtayi nazardan Rossiya armiyasiga yana qo‘shimcha askarlar kerakmi?
Yaqin kelajakda Rossiya armiyasiga yana qo‘shimcha kuchlar kerak bo‘lishi mumkin.
Hozirda qancha fuqaro safarbarlik doirasida armiyaga chaqirilgani noma’lum (topshiriq Putin farmonining maxfiy bandida keltirilgan). Agar bu son Shoygu va Putin tomonidan qayta-qayta aytilgan 300 ming kishi deb olinsa, unda bu miqdor Ukraina armiyasi bilan tenglikni tiklash uchun yetarli emas.
Ukrainada fevral oyi oxiridayoq safarbarlik e’lon qilingandi. Ukraina mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyiga kelib, bir milliondan ortiq kishi urushga safarbar etilgan. Bu ma’lumot rost yoki yolg‘onligini aniqlash imkonsiz, ammo frontdagi voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, Ukraina qurolli kuchlari askarlar soni bo‘yicha Rossiya qurolli kuchlaridan sezilarli darajada ustunlikka ega. Ukraina qo‘mondonligi nafaqat mavjud bo‘linmalardagi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirdi, balki o‘nga yaqin yangi diviziyalar (hududiy mudofaa bo‘linmalarini hisobga olmaganda) tuzdi. Va bu Ukraina qurolli kuchlariga sentabr oyi boshida qarshi hujum uyushtirish imkonini berdi.
Ukrainaga bostirib kirishdan oldin rus armiyasi bo‘linmalari tinchlik davridagi talablarga muvofiq tuzilgandi. Batalon taktik tuzilmalarining (brigadalar, diviziyalar) katta qismi harbiy harakatlarda ishtirok etmasligi kerak bo‘lgan muddatli chaqiriluvchilardan iborat edi. Har bir taktik tuzilmalar batalonlarning faqat yarmini frontga yuborishi mumkin edi. Shuningdek, urushdan oldin yangi tuzilmalar soni shartnomaviy askarlarning haqiqiy sonidan tezroq o‘sib borgani sabab, batalonlarda ham, rotalarda ham shaxsiy tarkib belgilangandan (ba’zan ikki baravar) kam edi. Urushning boshidanoq rus armiyasi piyodalar hamda logistika va ta’minot tizimi uchun xizmatchilar yetishmasligi muammosiga duch keldi.
Fevral oyidan beri Rossiya armiyasi ko‘plab jangchilarni, shu jumladan, shartnomani bekor qilgan harbiy xizmatchilarni yo‘qotdi. Vazirlik ularning o‘rniga faqat «ko‘ngillilar» orasidan qo‘shimcha kuchlarni oldi. Ularning umumiy soni bor-yo‘g‘i bir necha o‘n ming kishini tashkil etdi. Natijada, kuzga kelib, Donbassdagi tan olinmagan respublikalar va xususiy harbiy kompaniyalarning ko‘plab bo‘linmalari mudofaa vazirligi bo‘linmalariga qaraganda yaxshiroq jangovar qobiliyatga ega bo‘ldi.
300 ming safarbar qilingan askar faqatgina yo‘qotishlarni to‘ldirish va ehtimol, rotalar va batalonlarni to‘liq shaxsiy tarkib bilan ta’minlash uchun yetarli bo‘ladi (safarbar qilinganlarning aksariyati urushdan oldin shartnoma tuzgan askarlarga qaraganda yomon jangovar tayyorgarlik va mahoratga ega).
Ayni paytda Ukrainada ham safarbarlik davom etmoqda va mamlakatning inson resurslari hali tugamagan.
Agar Kreml «g‘alabali yakunga qadar» urushni davom ettirmoqchi bo‘lsa, unda safarbarlik hali uzoq vaqt davom etishi kerak. Nazariy jihatdan, bu rus armiyasi Ukraina armiyasi bilan son bo‘yicha tenglashguncha yoki undan o‘tib ketgunga qadar davom etadi. Bu jarayon mudofaa vazirligining tashkiliy imkoniyatlari, kiyim-kechak zaxiralari va mamlakatdagi siyosiy vaziyat (masalan, fuqarolarning urush sabab kuchayib borayotgan charchoqlari) sabab yanada qiyinlashishi mumkin.
Mudofaa vazirligi yangi safarbar qilinganlar bilan frontdagi vaziyatni o‘nglay olmaydimi, bu safarbar qilinganlar xizmatidan voz kechishga olib keladimi?
Buni taxmin qilish qiyin.
Rossiya bir vaqtning o‘zida safarbar qilinganlar sonini keskin oshira olmaydi, chunki bu chaqiriluvchilarni tayyorlash va qurollantirishning imkoniyati yetarli emasligi bilan cheklangan. Hozir bu tizim asosan safarbarlik asosida chaqirilgan askarlarni qayta tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda (muddatli harbiy xizmatga chaqiruv safarbarlikdan keyingi qoldirildi).
Biroq, safarbarlikni Ukraina kabi bir necha bosqichlar orqali amalga oshirish mumkin. Ukrainada safarbarlikka xalaqit bermasligi uchun muddatli harbiy xizmatga chaqiruv ham bekor qilingan.
Umuman olganda rossiyaliklar yengil nafas olishiga hali ertami?
Afsuski, ha.
Agar Putin safarbarlikni yakunlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan taqdirda ham, unga hech nima istalgan daqiqada safarbarlikni qayta tiklash to‘g‘risida buyruq berishga to‘sqinlik qilmaydi. Ammo hozir hech qanday farmon imzolanmagan, safarbarlik davom etmoqda va Davlat dumasi deputatlari parlamentga safarbarlikdan bo‘yin tovlagani uchun jazolash imkonini beruvchi qonun loyihasini kiritishni rejalashtirgan. To‘g‘ri, keyinroq bu rejadan voz kechilgandek bo‘ldi.
Bir narsa aniq: Vladimir Putin tegishli farmonni imzolamagunga qadar harbiy komissariatlar chaqiruv qog‘ozlarini yuborish va safarbarlikni davom ettirish huquqiga ega.
Jurnalist Dmitriy Kolezevning ta’kidlashicha, bunday huquqiy noaniqlik, hokimiyat uchun qulay repressiv mexanizm bo‘lib, hukumatga «noqulay» odamlarni frontga yuborish imkonini beradi.
Rossiya rasmiylarining so‘zlariga ishonish juda xavfli. Urushning boshidanoq ular fuqarolarni hukumatda safarbarlik e’lon qilish rejasi yo‘qligiga ishontirdi. Safarbarlik boshlanishidan sakkiz kun oldin Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov hech qanday safarbarlik masalasi ko‘rilmayotganini aytdi. 8 mart kuni Putinning o‘zi ham muddatli harbiy xizmatchilar va zaxiradagi askarlar harbiy harakatlarda qatnashmasligini ma’lum qilgandi.
Iyul oyida esa safarbarlik o‘tkazish rejalari mudofaa vazirligi tomonidan ham rad etildi. O‘shanda vazirlik armiyada «maxsus operatsiya» topshiriqlarini bajarish uchun «yetarli» harbiy xizmatchilar borligini aytib, «mish-mishlarga ishonmaslik»ka chaqirgandi.