O‘zbekiston | 13:47 / 05.11.2022
11587
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ikki kishi 18 ming dollarga narkotik modda sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Yunusobod tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. 

Videodan kadr

DXX xabariga ko‘ra, unda 1976 yilda Buxoro viloyatida va 1958 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan ikki fuqaro 874 gr “opiy” moddasini 18 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lganida ushlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikistondan keltirilgan ushbu narkotik modda haqiqiy egasi hisoblangan Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi shaxs ham qo‘lga olindi.

1976 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan fuqaro 1985 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan tanishi bilan Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumaniga borib, uchinchi shaxslar tomonidan qo‘shni Tojikistondan o‘tkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan ikki dona o‘ramdagi narkotik moddani qabul qilib olgan va uni o‘zaro teng bo‘lib, biri Bo‘ka tumani tomon, ikkinchisi Toshkent shahri tomon yo‘l olishgan. Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab ulardan biri Ohangaron tumanida 988 gr “gashish” moddasi bilan, ikkinchisi Toshkent shahri Yashnobod tumanida 887 gr “gashish” moddasi bilan qo‘lga olindi.

Boshqa bir holatda Quvasoy shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaro Qirg‘izistondan mamlakat hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan 1 kg 61 gr “gashish” moddasini kelgusida sotish maqsadida Farg‘ona shahriga olib kelgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Farg‘ona shahrida yashovchi yana ikki fuqaro Qirg‘izistondan keltirilgan 974 gr “gashish” moddasini Quva tumanida qabul qilib, viloyat markazi tomon harakatlangan vaqtlarida ushlandi.

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro va uning sherigi 430 gr “gashish” moddasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi. Ular Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan mazkur giyohvandlik vositasini Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxsdan olgani aniqlanib, u ham ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid