Jahon | 19:07 / 19.11.2022
47703
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada qotillikda gumonlangan O‘zbekiston fuqarosi aybini tan oldi

Moskva shahrida 29 yoshli qizni pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlangan O‘zbekiston fuqarosi aybiga iqror bo‘ldi.

Foto: Stolichnyy SK

Moskva shahrining Zyuzino tumani, Sevastopol prospektida 1993 yilda tug‘ilgan Yuliya Tkachyovani o‘ldirganlikda gumonlanib qo‘lga olingan shaxs aybiga to‘liq iqror bo‘lib, jinoyat tafsilotlarini aytib berdi. Bu haqda Moskva Tergov qo‘mitasi xabar qildi.

«Gazeta.uz» nashrining Rossiya Tergov qo‘mitasiga tayanib xabar berishicha, uning ismi sharifi Shohruxbek Karimov bo‘lib, O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi.

Qayd etilishicha, 17 noyabr kuni Tkachyova politsiya bo‘limiga murojaat qilib, yosh yigit uni ta’qib qilayotgani va ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolganini aytgan. 18 noyabr kuni esa Sevastopol prospektida uning jasadi topilgan. O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida gumondor Tambov viloyatida ushlangan.

Unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Bu modda bo‘yicha maksimal javobgarlik 15 yillik qamoq jazosini nazarda tutadi.

Yuliya Tkachyova qotillikdan bir kun oldin politsiyaga murojaat qilgan bo‘lsa-da, nega himoyaga olinmagani haqida xabarda ma’lumot berilmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid