Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Xersondan fuqarolarining evakuatsiyasini boshladi
Hududlarning Rossiya tomonidan o‘qqa tutilishi ehtimoli yuqoriligi sababli, aholini evakuatsiya qilish maqsadga muvofiq deb topilgan.
Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari, vaqtincha bosib olingan hududlar reintegratsiyasi bo‘yicha vazir Irina Vereshchuk so‘zlariga ko‘ra, Xerson viloyatining Rossiya bosqinidan ozod qilingan hududlarida fuqarolar evakuatsiyasi boshlandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, evakuatsiya qilishning bir nechta variantlari mavjud.
«Ko‘pchilik evakuatsiya qilinish istagini bildirgan. Ular yashash joylari o‘qqa tutilayotganini aytishdi. Keksalar ham ko‘p. Ular evakuatsiya qilish uchun yordamga muhtoj. Bizning vazifamiz o‘sha odamlarga yordam berish. Biz Nikolayev yoki Krivoy Rogdan odamlarni g‘arbiy viloyatlarga ko‘chiramiz, buning uchun vosita va tajribamiz bor», dedi Vereshchuk.
Dastlabki bosqichda Xerson aholisi Nikolayev shahriga joylashtiriladi. Keyinchalik g‘arbiy hududlarga evakuatsiya qilinadi.
Hozirgi vaqtda Xerson viloyatining ozod qilingan aholi punktlarida barqarorlashtirish choralari ko‘rilmoqda, minalardan tozalash uchun sapyorlar ishlamoqda.
Avvalroq Xerson viloyati rahbari Yaroslav Yanushevich ozod qilingan hududlar aholisini dushman tomonidan o‘qqa tutilish ehtimoli yuqoriligi sababli evakuatsiya qilishga chaqirgan edi.