Jahon | 01:24 / 22.11.2022
22567
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada shahar meri urushga ketish uchun iste’foga chiqdi

Foto: The Insider

Rossiyaning Chita shahri menejyeri Aleksandr Sapojnikov Ukrainadagi urushga borish uchun iste’foga chiqdi.

U 2019 yildan beri shahar meri (hokimi) lavozimida ishlab kelayotgan edi va o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shadi.

«Men bugun eng kerakli joyimga - maxsus harbiy operatsiya zonasiga borishga qaror qildim. Men jangovar tajribaga ega desantchi va fuqaro sifatida ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan kelajak huquqi uchun Vatanimiz taqdirini hal qilayotgan jangdan chetda qololmayman. Bu mening burchim va Vatanimiz himoyasi yo‘lidagi taqdirimdir», deb yozdi Sapojnikov ijtimoiy tarmoqda.

Sapojnikov o‘z xohishi bilan iste’foga chiqib, urushga otlangan birinchi mer bo‘ldi.

Rossiyada qisman safarbarlik boshlanganidan so‘ng, Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin, uning talablariga javob beradigan deputatlar urushga borishi kerakligini aytgan edi.

Biroq, deputatlar bunga rozi bo‘lmadi. Masalan, «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zosi Dmitriy Vyatkin «ortimizda xalq turgani sababli» deputatlar urushga bora olmasligini aytdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid