Jahon | 08:52 / 25.11.2022
10601
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Lukashenkoning mol-mulkini musodara qilishga chaqirdi

Yevropa Ittifoqi parlamenti Lukashenkoning mol-mulkini uning rejimi qurbonlari va Belarus muxolifati vakillariga o‘tkazishni taklif qilmoqda.

Foto: AP

24 noyabr, payshanba kuni Yevropa Ittifoqi parlamenti Strasburgda Belarusdagi huquqiy vaziyat bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Unda Yevroparlament deputatlari Yevrokomissiya va YeI davlatlarini Yevropa Ittifoqi muzlatib qo‘ygan aktivlar, jumladan, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko, uning oilasi va yaqin sheriklarining aktivlarini musodara qilish imkonini beruvchi huquqiy mexanizmni yakunlashga chaqirdi. Ushbu mablag‘larni Lukashenko rejimi qurbonlari va Belarus demokratik muxolifati vakillariga o‘tkazish taklif qilinmoqda.

Yevropa Ittifoqining qonun chiqaruvchi organi Belarus diplomatik izolyatsiyasini davom ettirishga, shu jumladan xalqaro tashkilotlarga, shuningdek, YeI va uning davlatlarining o‘z hududida diplomatik mavjudligini kamaytirishga chaqirdi.

Lukashenko va unga aloqador shaxslar Ukrainadagi urush jinoyatlari uchun javobgardirlar, ular xalqaro tribunal va Xalqaro jinoiy sudga tortilishi kerak, deb xabar berdi Yevropa parlamenti. Uning deputatlari Belarusning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi ishtirokini va Rossiya qo‘shinlarining Belarus hududiga yangi joylashtirilishini keskin qoraladilar.

Yirik Yevropa kompaniyalari yetkazib beruvchilari tomonidan belaruslik mahbuslarning majburiy mehnatidan foydalanganligi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi parlamenti Yevropa Ittifoqidagi barcha korxonalarni majburiy mehnatdan foyda ko‘ruvchi har qanday Belarus yetkazib beruvchilari bilan munosabatlarni to‘xtatishga chaqirdi. Deputatlar Yevropa Ittifoqi kengashidan Belarusda faoliyat yuritayotgan va ta’minot zanjirlarida majburiy mehnatdan foydalanilayotgan barcha kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy etishga chaqirmoqda.

Yevroparlament na YeIning o‘zi, na uning a’zolari Aleksandr Lukashenkoni Belarus prezidenti sifatida tan olmasligini eslatib, ko‘pchilik belarusliklar Svetlana Tixanovskayani 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘olib deb bilishini ta’kidladi. Yevroparlament deputatlari Belarus muxolifati va fuqarolik jamiyatini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. «Ukrainaning g‘alabasi Belarusdagi demokratik o‘zgarishlarni tezlashtiradi», deyiladi rezolyutsiyada.

Parlament a’zolari Yevropa komissiyasi va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan mamlakatning demokratiyaga o‘tish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun demokratik muxolifat, fuqarolik jamiyati, huquq faollari va mustaqil ommaviy axborot vositalari vakillarini Belarus va xorijda qo‘llab-quvvatlashda davom etishni so‘radi.

Mavzuga oid