O‘zbekiston | 23:20 / 04.12.2022
53864
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida metan-shoxobchalar vaqtincha yopilmoqda

Avvalroq O‘zbekistonning qator hududlarida aholi gaz tanqisligidan shikoyat qilayotgani xabar qilingandi.

Poytaxtda aholi iste’mol qiladigan va isitish tizimida foydalaniladigan tabiiy gaz bosimi pasayib ketganligi tufayli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari vaqtinchalik yopilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rasman xabar tarqatdi. 

«Ob-havo harorati keskin pasaygani sababli, shahrimizning ayrim hududlarida gaz va issiqlik ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda — kommunal xizmatlar mavjud gaz zaxirasini barcha iste’molchilar orasida teng taqsimlashga urinishiga qaramay, resurslar yetishmayapti.

Imkon qadar ko‘proq xonadonlarni gaz va issiqlik bilan ta’minlash maqsadida, jamoat transport vositalariga xizmat ko‘rsatadigan shoxobchalardan tashqari, qolgan barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari vaqtinchalik yopilmoqda», — deyiladi poytaxt hokimligi xabarida.

Xabar qilinishicha, poytaxt ma’muriyati muammolarni bartaraf etish ustida kunu tun 24 soat ishlamoqda, kommunal soha xodimlari esa ishlarini yuqori shaylik rejimida davom ettirmoqda.

Bundan oldinroq O‘zbekistonning qator hududlarida aholi gaz tanqisligidan shikoyat qilayotgani xabar qilingandi. Facebook’dagi «Potrebitel.uz» guruhiga 3 dekabr kuni fuqarolardan bir necha murojaatlar kelib tushgan.

Unda aytilishicha, ayrimlarda gaz umuman bo‘lmagan, ayrimlarida uning bosimi pastligidan choy qaynashini ham yarim soatlab kutishgan. Gaz ta’minotidagi muammolar haqida Samarqand, Qo‘qon, Sirdaryo, Toshkent shahri va viloyati aholisi xabar bergan.

Xususan, Toshkent viloyatida bunday murojaatlar Yangiyo‘l, Zangiota, G‘zalkent, Chirchiq, Bardanko‘l, Chorvoq va Bo‘stonliq qishloqlaridan kelib tushgan. Toshkent shahrida Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Yakkasaroy, Mirobod, Segeli tumanlaridan shikoyatlar bo‘lgan. Yunusobod va Bektemir tumanlaridan gaz ta’minoti borasidagi murojaatlar nisbatan kamroq bo‘lgan.

Keyinroq O‘zbekistonda gaz shoxobchalari bir necha kun ishlamasligi haqidagi xabarlar «Hududgazta’minot» matbuot xizmati tomonidan rad etilgan edi.

Mavzuga oid