Jahon | 23:15 / 07.12.2022
14001
2 daqiqa o‘qiladi

Putin dunyoda yadro urushi tahdidi kuchayib borayotganini aytdi 

Rossiya prezidenti yadro qurolini birinchi navbatda mudofaa vositasi sifatida ko‘rishini ta’kidladi. 

Foto: Mixail Metsel/TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari bilan uchrashuvda dunyoda yadro urushi xavfi ortib borayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya «har qanday sharoitda» ommaviy qirg‘in qurolini birinchi bo‘lib qo‘llamaydi. 

Vladimir Putin, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi aqldan ozmaganini va yadro qurolidan foydalanish oqibatlaridan xabardor ekanini ham ta’kidladi. Davlat rahbari Rossiya yadro quroli boshqa mamlakatlarning yadro arsenallariga nisbatan eng «ilg‘or» va «zamonaviy» shaklda ekanligini «aniq» deb atadi. 

«Mudofaa vositalaridan foydalanish strategiyamiz, ya’ni biz ommaviy qirg‘in qurollari birinchi navbatda mudofaa vositasi deb hisoblaymiz, bularning barchasi javob zarbasi deb ataladigan jarayon atrofida qurilgan. Agar bizga zarba berilsa, javob qaytaramiz», deb tushuntirdi prezident. 

27 oktyabr kuni Vladimir Putin Rossiya Ukrainaga yadroviy zarba berishdan harbiy yoki siyosiy manfaatdor emasligini ma’lum qildi. Avvalroq, Oq uy Rossiya Federatsiyasini agar yadro qurolidan foydalansa, «halokatli oqibatlarga olib kelishi» haqida ogohlantirgan edi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid