Endi jamoat transportlarini uzoq kutib qolmaymiz(mi?)
Ertalab o‘qishga, ishga, kechqurun esa uyga shosharkansiz, jamoat transportlarida keragidan ortiq tiqilinchni kuzatasiz. Ko‘plab avtobuslarning intervali uzoq bo‘lgani uchun sig‘imdan ortiq odamlar tashiladi, ayrim yo‘lovchilar hatto bir necha avtobusga chiqolmay ham qoladi. Kun.uz yurtdoshlarimizning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi.
“Bizning mahallada avtobusning o‘zi yo‘q”, - deydi poytaxtning biqinidagi Zangiota tumani Erkin mahallasida yashashini aytgan Ulug‘bek Po‘latov. Uning aytishicha, oldin 446-sonli avtobus mahalla orqali harakatlangan va keyinchalik yo‘nalishdan chiqarib tashlangan. Endi esa bolalar, talabalar, umuman mahalliy aholi faqat taksi xizmatlaridan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda.
Yana bir yurtdoshimiz poytaxtning 55-sonli avtobuslari yuradigan yo‘nalish xizmatlaridan norozi. U qahraton qish kunlarida ham mazkur avtobusni bekatlarda soatlab kutib qolishayotgani haqida aytadi.
“Toshshahartransxizmat” aksionerlik jamiyatining Toshkent ko‘chalarida harakatlanuvchi barcha avtobus yo‘nalishlarini o‘zida qamrab olgan onlayn ilovasida haqiqatan ham 55-yo‘nalishda 2 dona avtobus uzoq interval bilan harakatlanayotganini ko‘rish mumkin. Boshqa yo‘nalishlarda ham avtobuslar qatnovidagi oraliq vaqt juda uzun.
Bunday muammolar hatto davlat rahbari darajasida ham tanqid qilinib, 13 dekabr kuni poytaxtdagi 18-sonli avtobus saroyi faoliyati bilan tanishgan prezident Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatda eng og‘ir yo‘nalishlarga qo‘shimcha avtobuslar qo‘yish topshirig‘ini bergan edi.
Prezidentga ko‘ra, Toshkent shahrida jamoat transportiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish uchun yana 1000 ta katta sig‘imli avtobus zarur. Bu orqali avtobuslarning oraliq intervalini 7-10 daqiqagacha qisqartirish mumkin.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXXning bayonot berishicha, ayni paytda jamoat transporti sifatini yaxshilash, tezkorligini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Poytaxtda avtobuslar soni ko‘paytirilib, oraliq intervali qisqartiriladi.
Biroq uzun intervallarga faqat avtobuslar yetishmovchiligi sabab emas. Hatto poytaxtda Alisher Navoiy ko‘chasidan boshqa birorta jamoat transporti uchun maxsus yo‘llarning yo‘qligi va buning ortidan tirbandliklar aro harakatlanishga majbur bo‘layotgan haydovchilarning ham o‘z aytarlari bor.
“Bizni ertalabki tirbandliklar qiynaydi. Keyin o‘z vaqti-soatida kelolmasdan qolib ketib qolsak, yo‘lovchilar ustimizdan yozib, shikoyat qilishadi, - deydi avtobus haydovchisi Bobur Ermonov. U, shuningdek, avtobus haydovchilariga qo‘yiladigan kunlik “plan”lar, o‘xshash yo‘nalishlarda harakatlanuvchi “raqobatchi” avtobuslar borligini ham aytadi.
Yana bir avtobus haydovchisi Dilshod Buvanov tirbandliklar bilan birga yo‘lning avtobus qatnashi kerak bo‘lgan qismini taksi mashinalari “stoyanka” qilib olgani va bu holat harakatlanishga xalal berayotganidan yozg‘irdi.
Aholini jamoat transportlariga jalb qilish uchun yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, jamoat transportlari sonida, uzluksizligi va vaqtlarida muammolar bo‘lmasligini ta’minlash shart. Bu yo‘ldagi yechimlar esa vaqtinchalik yoki mavsumiy bo‘lmasligi, bundan keyin aholining jamoat transportlariga ehtiyoji aniq tahlillar, tizimli kuzatuvlar va prognozlar asosida o‘rganib borilishiga umid qilamiz.
Mavzuga oid
18:17 / 22.11.2024
«Toshshahartransxizmat»ga yangi rais tayinlandi
18:04 / 18.11.2024
Urganch shahriga 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi
21:21 / 13.11.2024
Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi
20:17 / 13.11.2024