O‘zbekiston | 19:03 / 19.12.2022
12653
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2023 yilda 4,5 mlrd dollar tashqi qarz olishni rejalashtirmoqda

Bu – 2022 yilda ko‘zda tutilgan, lekin amalga oshmagan maqsadli ko‘rsatkich bilan teng. Umumiy davlat qarzi miqdori 2022 yil oxirida 29,2 mlrd dollar, 2023 yil oxirida esa 32,6 mlrd dollar bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Foto: Valentyn Ogirenko / Reuters

Moliya vaziri Timur Ishmetov Qonunchilik palatasida 2023 yilgi davlat budjeti loyihasi haqida axborot berdi. U o‘z nutqida davlat qarzi bo‘yicha rejalarga ham to‘xtaldi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“2022 yil yakunlari bo‘yicha davlat qarzi 29 mlrd 215 mln dollarni tashkil etishi kutilayotgan bo‘lsa, keyingi yil (2023 yil) 32 mlrd 62 mln dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Bunda tashqi qarzning YaIMda ulushi kelgusi yilda ham joriy yildagi kabi 36 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda”, – dedi Ishmetov.

Deputat Botir Mardayev 2023 yil O‘zbekiston Respublikasi nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan bitimlar borasida savol berdi.

“Bitimlarning umumiy qiymati 4,5 mlrd dollarni tashkil qilishi, shundan davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, budjet taqchilligi uchun 2 mlrd (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mlrd dollarga kam), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun esa 2,5 mlrd dollar (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mln dollar ko‘p) belgilanyapti. Bu o‘zgarish davlatning tashqi qarz sohasidagi strategiyasiga qanchalik mos keladi?” – so‘radi deputat.

Timur Ishmetov “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunda davlat tashqi qarzining eng yuqori limiti YaIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi, 50 foizga yetganda hukumat tomonidan budjet xarajatlarini maqbullashtirish borasida choralarni ko‘rish, qarz infrastruktura va ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish belgilanganini eslatdi.

“Siz aytgan 2 mlrd va 2,5 mlrd dollar... asli boshida yillik qarz limitini 4 mlrd qilamiz deb reja qilgandik. 2020 yilda pandemiya boshlandi va xarajatlarni oshirishga majbur bo‘ldik. Shu jumladan, defitsitni va uni moliyalashtirish uchun ham qarz mablag‘larini 5 mlrdga oshirishga majbur bo‘ldik. Keyingi yildan (2023 yil) boshlab jami qarzni 4,5 mlrdga tushirishni reja qilganmiz.

Umumiy xarajat tarkibida qancha qismi budjetga, qanchasi loyihalarga, umuman tashqi qarz umumiy miqdorining ahamiyati yo‘q. Xohlardikki, budjet taqchilligi 3 foiz bo‘lsin, bu biz uchun o‘rta muddatda eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lishi kerak. Bundan keyin defitsitni kamaytirish uchun tashqi qarzni ham kamaytirish ustida ishlayapmiz. 2–2,5 mlrd budjet defitsiti yoki loyihalarni moliyalashtirishga tashqi qarz jalb qilish kerak, shuning uchun 2–2,5 mlrd limit belgilangan”, – dedi vazir.

Deputatlar 2023 yilgi davlat budjeti haqidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. 112 deputat loyihani yoqladi, bittasi qarshi chiqdi, uchtasi betaraf qoldi, 9 kishi ovoz bermadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Moliya vazirligi 2022 yilning I yarim yilligi uchun tashqi qarz holati va dinamikasi haqida hisobot bergan edi. 1 iyul holatiga, davlat qarzi 26 mlrd dollarni (shundan davlat tashqi qarzi – 23,26 mlrd dollar, davlat ichki qarzi – 2,77 mlrd dollar) yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 35,1 foizni tashkil etgan.

Mavzuga oid