O‘zbekiston | 19:57 / 26.12.2022
24514
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev MDH norasmiy sammitida ishtirok etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Vladimir Putin tashabbusi bilan o‘tkazilgan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda prezident axborot xizmati xabar bermoqda.

Sammitda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatnashdi.

Xabarda aytilishicha, sammitda joriy yildagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, bo‘lajak 2023 yil uchun ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikni uch yo‘nalishda: siyosat va xavfsizlik borasida, iqtisodiy va gumanitar sohalarda rivojlantirmoqda. MDH makonida to‘laqonli erkin savdo hududini shaklantirish va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash ustuvor vazifalardir, deyiladi xabarda.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, oziq-ovqat, energetik va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2022 yilda O‘zbekistonning hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi uchdan bir hissaga ortgan, mingdan ziyod qo‘shma korxonalar tashkil etilgan.

 

Mavzuga oid