Xalq IPO'si nima? U nima uchun kerak?
Prezident Shavkat Mirziyoyev kelasi yili o‘nta yirik davlat kompaniyasi IPO'ga chiqishini aytarkan, yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lishini istashi haqida gapirdi. Xo‘sh, IPO o‘zi nima?
“Bugun ko‘nglimdagi bitta niyatimni sizlarga ochiq aytmoqchiman. Mening katta niyatim – yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lsin. Odamlarimiz o‘z omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega bo‘lsin”, dedi prezident Mirziyoyev seshanba kuni parlament va xalqqa qilgan murojaatida.
Davlat rahbari keyingi yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarining aksiyalari O‘zbekistonning o‘z aholisi uchun “ochiq va shaffof savdoga” chiqarilishini aytdi. “Bu chinakam xalq IPO'si bo‘lishiga ishonaman”, dedi u.
Xo‘sh, xalq IPO’si nima? Nima uchun bu bugunga kelib muhim bo‘lib qoldi?
Undan tashqari, maqolada quyidagi savollarni ham ko‘rib chiqamiz:
- Xalq IPO’sining kompaniyalarga foydasi?
- Davlatga bundan nima naf?
- IPO’lar sarmoya qiluvchi odamlar uchun nima beradi?
- Odamlarimizning IPO’lar ortidan aksiyalarni xarid qilgani puli bormi?
- O‘zbekistonda xalq IPO’si qilgan kompaniya bormi o‘zi? Bo‘lsa, aksiyalari necha puldan sotilyapti?
IPO, ya’ni Initial Public Offering (birlamchi ommaviy taklif) kompaniyalar o‘z aksiyalarini birinchi marta keng jamoatchilik uchun sotuvga chiqarishidir. Xalq IPO’si deganda esa kompaniya aksiyalari chet ellik investorlar emas, birinchi navbatda mahalliy aholi uchun savdoga qo‘yilishi nazarda tutiladi.
Xalq IPO’si mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi yo‘lida xalq qo‘lidagi pul mablag‘larini jalb qilishning bir usulidir. Aholimiz soni, uning moliyaviy savodxonligi oshib borayotganini hisobga olsak, hissadorlar kelishgan holda kompaniyalarning bir qismini millionlab ulushlarga bo‘lib, chakana (retail) investorlarga pullashi – yuz minglab dollar “arzon pul”ni (bu haqda pastroqda) olib keladi.
Davlatga bundan nima naf?
Xalq IPO’si va umuman IPO’larning davlatga foydasi shundaki, kompaniyalar hozirgi va bo‘lajak investorlari oldida hisobdor va shaffof bo‘lishga majbur bo‘ladi. Shuning uchun ular hisob yuritish tizimlarini isloh qilib, zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi.
Albatta, bu mahalliy qimmatli qog‘ozlar bozorining ildamlashiga turtki bo‘ladi. O‘zbekistondagi kapital tanqisligi ko‘pchilik ishbilarmonlar ham, top menejyerlar ham chuqur anglaydigan haqiqat. Chet eldan investorlarni chorlash uchun sud-huquq tizimi islohotlari va qonun ustuvorligi bilan birgalikda, faol mahalliy fond birjasi bo‘lishi ahamiyatlidir.
Xalq IPO’si ishtirokchi kompaniyalarga nimasi bilan manfaatli?
Tasavvur qilib ko‘raylik, biror kompaniya o‘zining ishlab chiqarishini kengaytirishga qaror qildi va buning uchun unga pul kerak.
Bankdan kredit olish qimmatga tushadi: olingan pulni ustama foizi bilan qaytarib to‘lash, mol-mulkni garovga qo‘yish kerak bo‘ladi. Bank qat’iy belgilagan muddatlarda kreditni qaytarish, gohida to‘lovlar kechikkani uchun jarima to‘lash ham pul jalb qilish narxini qimmat qilib yuboradi, tavakkalchilik ko‘lami oshadi.
Shuning uchun jahon tajribasida biznesga qo‘shimcha kapital olib kirishning bank qarzlariga muqobil bo‘lgan varianti – birjada ulushlarni sotishdir. Bunda kompaniya investorlar pulini biznesga yo‘naltiradi, u faoliyat ortidan foyda ko‘radigan bo‘lsa, hissadorlarga dividend to‘laydi. Aksincha, biznes amaliyot orqali daromad ko‘rilmasa, zararga kirilsa, shu xavf-xatarga ko‘plab (odatda yuzlab va minglab) investorlar sherik bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, IPO arzon pul jalb qilishning bir yo‘lidir.
IPO’lar sarmoya qiluvchi odamlar uchun nima beradi?
IPO’lar ortidan yirik, daromadli va barqaror kompaniyalarni tanlab, ularning aksiyalarini sotib olish odamlarga pul yig‘ish imkoniyatini beradi. O‘zbekistonda pul odatda chorva mollari, AQSh dollari yoki tilla buyumlar ko‘rinishida yig‘iladi. Ëki bankka depozit qilib qo‘yiladi. Bank depozitlari yiliga qayta moliyalash stavkasini hisobga olgan holda omonatlarni foizi bilan to‘laydi. Biroq aksiyalarga uzoq muddatga pul tikishda murakkab daromad (compound interest) degan imkoniyat bo‘lib, biznes rivojlanishi, ulushlarga bo‘lgan talab oshishi tufayli investitsiyalar eksponensial o‘sib borishi mumkin. Albatta, teskarisi ham bo‘lishi, investor pulini boy berishi ham mumkin.
Qadriyatlar nuqtayi nazaridan, bankka depozitga pul qo‘yishdan farqli ravishda aksiyalarga pul tikib, bizneslar foydasi va zarariga sherik bo‘lish halol hisoblanadi. Tavakkalchilik bo‘ladi, uzoq muddatda investor qilgan sarmoya esa inflatsiya sur’atlaridan jadalroq ko‘payishi evaziga, pulni yig‘ish va ko‘paytirib olish mumkin bo‘ladi.
Odamlarimizning IPO’lar ortidan aksiyalarni xarid qilgani puli bormi?
Farazan O‘zbekistonda 95% aholining qo‘lida ortiqcha puli yo‘q, topilgan mablag‘ xarajatlarga ketadi deb hisoblasak (aslida puldor aholi salmog‘i, fikrimizcha, bundan ko‘p va kelajakda ular yana ko‘payadi), 36 millionlik O‘zbekistonda kamida 1,8 million (5% aholi) chakana investor bor. Ularning har o‘ntadan biri 1000 dollardan investitsiya qila olsa, IPO’lar orqali 180 million dollar mablag‘ jalb qilishning iloji bo‘ladi.
“Ortiqcha pulimiz bormi” degan savolga yana bir javob: 2021 yil davomida O‘zbekistonda umumiy qiymati deyarli 300 milliard so‘mlik (~26,7 million AQSh dollari) “chiroyli” avtoraqamlar sotilgan. Chevrolet mashinalarini taxminan 6-12 oy ichida olish uchun minglab xaridorlar oldindan pul to‘lab qo‘yishi ham yuqori likvidli investitsiyalarga ortiqcha pulni yo‘naltirish istagi borligini ko‘rsatadi. Ammo avtomobillarga navbatda turib, ularni xarid qilgach, ularni ustiga qo‘yib sotish muqobilida uzoq muddatli sarmoyalar orqali, xalq IPO’lariga pul tikish bizni boy va farovonroq qiladi.
Ha, hozircha gap mamlakatdagi har bir oilaning aksiya sotib olishi haqida ketmasligi ham mumkin. Faqat puldorlarning mablag‘lari ko‘rpacha tagida yoki sandiqda emas, aksiyalar ko‘rinishida yig‘ilishi orqali xalq pulining real iqtisodiyotga kirib kelishi, yuqorida aytganimizdek, kompaniyalar, davlat va kapital bozor rivojiga hissa qo‘shadi. Mashina va/yoki uy sotib olib, pul yig‘ish, aynan shu tovarlarning narxi oshishiga ta’sir qiladi, bunday pul yig‘ish yoki ko‘paytirish ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish sohalarining rivojiga ko‘p ham hissa qo‘shmaydi.
2022 yilda 14 mingdan ortiq Onix rusumli avtomobil uchun to‘lov qilingan va noma’lum muddatdan so‘ng tovarlar egalariga topshiriladi. Mashina narxi 14700 dollarligi inobatga olinsa, savdoning umumiy summasi 205 million dollardan oshadi. Mana sizga yana yuqori likvidli investitsiyalarga aholimizdagi qiziqish va puldorlik darajasiga kichik misol.
O‘zbekistonda IPO qilgan kompaniya bormi o‘zi?
O‘zbekiston tarixida birinchi marta “Kvars” AJ 2017 yil dekabrida “Toshkent” fond birjasida IPO o‘tkazgan. Shundan keyin “Jizzax plastmassa” AJ ham aksiyalarini ochiq ravishda fond birjasiga joylagan. Shundan buyon bu ikki kompaniya O‘zbekistonda IPO o‘tkazgan birinchi va oxirgi kompaniyalar bo‘lib qolmoqda.
2022 yilning 23 noyabriga kelib, dasturiy ta’minot ishlab chiqish va turli ayti xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi “Solutions Lab” kompaniyasi o‘z aksiyalarini “Toshkent” fond birjasida sota boshlashini e’lon qildi. Birja saytida 21 dekabr kuni berilgan e’longa ko‘ra, “Solutions Lab” kompaniyasi umumiy qiymati 75 million dollar deb baholangan 100 foiz aksiyalarini pullamoqchi.
Bundan tashqari, UzAuto Motors ham IPO’ga chiqish arafasida. 2022 yilning so‘nggiga qadar kompaniya 5 foizgacha aksiyalarini fond birjasida sotish niyatida. 2023 yilda esa 25 foiz aksiyalarini birjaga qo‘yish orqali chet el investorlarini ham jalb qilishni maqsad qilgan. UzAuto Motors'ning ayni damda bir dona qimmatli qog‘ozining narxi 72 500 so‘m. Investor sotib olishi mumkin bo‘lgan aksiyalarning minimal soni esa 14 donani tashkil qilib, bu so‘mda 1 million 15 ming deganidir.
Biroq, iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz'ga bergan intervyusida aytganidek, “UzAuto Motors xalq IPO'sini qilyapti; avvaliga kompaniyaga subsidiya berib, soliqlardan ozod qilib, ko‘rsatkichlarni shishirishdi, kompaniyaning to‘lamayotgan soliqlari va subsidiyalarini chegirib tashlasak, u – zararga ishlayotgan kompaniya”.
UzAuto Motors'ning tikerli aksiyalarini sotib olishning uzoq muddatdagi xavflari haqida iqtisodchi Abdulla Abduqodirov ham gapirib o‘tgan edi.
Saidaziz A’zamov,
Global Halal loyihasi asoschisi
Mavzuga oid
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
13:52 / 21.11.2024
Britaniya O‘zbekistonda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda qatnashmoqchi
11:04 / 19.11.2024
Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin
17:10 / 18.11.2024