18:58 / 26.12.2022
10112

Xitoyda COVID yangi to‘lqiniga sabab bo‘lgan shtammlar aniqlandi

Xitoyda koronavirusning ulkan to‘lqini yangi mutatsiyalar emas, balki butun dunyo bo‘ylab tarqalgan va allaqachon ma’lum bo‘lgan shtammlar sabab yuz berdi.

Foto: AP

Xitoy hukumati noyabr oyida Pekin, Guanchjou va Ichki Mo‘g‘ulistonda (Xitoy shimolidagi avtonom viloyat) to‘plangan 25 ta genetik namunani GISAID’ga (virus genomlarining global bazasi) berdi. Ularni o‘rganib chiqqan olimlar virus odamdan odamga yuqqanda tabiiy ravishda sodir bo‘ladigan kichik o‘zgarishlarni payqashdi.

GISAID bosh direktori Piter Bogner so‘zlariga ko‘ra, «hozircha yangi shtamm borligi haqida hech qanday dalil yo‘q». Xitoy tomonidan taqdim etilgan namunalar «omikron» BF.7 va BA.5.2 shtammlari subvariantlariga juda o‘xshash.

Avvalroq, Bloomberg dekabr oyida Xitoyda deyarli 250 million kishi (mamlakat aholisining qariyb 18 foizi) COVID-19 bilan kasallanganini xabar qilgan edi. Infeksiyaning ko‘payishi koronavirusga nisbatan «nol bardoshlik» siyosati bekor qilingani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

25 dekabr kuni Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi koronavirus infeksiyasi haqidagi kundalik ma’lumotlarni nashr etishni to‘xtatdi, chunki u kasalliklar soni keskin oshgani haqidagi xabarlarning to‘g‘riligiga shubha tug‘dirdi. Endi kovid haqidagi ma’lumotlar Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan «ma’lumot va tadqiqot uchun» e’lon qilib boriladi.

Top