O‘zbekiston | 12:03 / 30.12.2022
9070
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat organining bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obekti majburan savdoga chiqariladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining “Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i imzolandi.

Foto: Norma.uz

Nizom bilan vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga (davlat organlari) tegishli bo‘lgan, uch oydan ortiq muddat davomida foydalanilmasdan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini (bundan ijtimoiy soha obektlari mustasno) ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi belgilanmoqda.

Agentlik huzuridagi Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining hududiy boshqarmalari (Markaz) bo‘sh turgan obektni aniqlaganda “Davlat mulki” axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritadi va uch kun ichida davlat organiga bo‘sh turgan obektdan samarali foydalanish uchun uch oy muddat berilgani va bu haqda Markazni xabardor qilish lozimligi to‘g‘risida ogohlantirish yuboradi.

Ogohlantirishda ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan so‘ng Markaz ikki kun ichida obektni ko‘zdan kechirib o‘rganadi va uni ijaraga berish yoki sotish lozimligi to‘g‘risida xulosa berib, axborot tizimiga kiritadi.

Ma’lumotlar axborot tizimiga kiritilgandan so‘ng ikki kun ichida Markaz obektning foydalanish sohasi, boshlang‘ich narxi va ijaraga berilganda ijara muddatini ko‘rsatgan holda obektni «E-auksion» platformasida onlayn-auksionga chiqaradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid