O‘zbekiston | 19:39 / 03.01.2023
34862
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda shifoxona portlaganda jarohat olgan ayol vafot etdi

Ayol shoir Abdulla Oripovning singlisi, 74 yoshli Oysara Oripova bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz’ga shoirning yana bir singlisi Bibisora Oripova ma’lum qildi.

Avvalroq 2022 yil 24 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi portlab ketgani haqida xabar berilgandi.

Oilaviy arxivdan. Chapdan o‘ngga: Bibisora Oripova, Zulfiya Oripova, Oysara Oripova Razzoq Oripov, Abdulla Oripov

Portlash oqibatida shifoxonada davolanayotgan 2 nafar bemor kuyish tan jarohatlari bilan Qarshidagi shifoxonaga yotqizilgan. Bibisora Oripovaning ma’lum qilishicha, jarohat olganlardan biri uning singlisi Oysara Oripova va ikkinchisi uning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan.

«Singlim va uning eri shifoxonaga 23 dekabr kuni borishgan. Kuyovimning aytishicha, ular borgan kuni shifoxonaning koridorida va palatada ham gaz hidi bo‘lgan. Ular to‘rt-besh kun davolanib ketamiz deb o‘sha holatda shifoxonaga joylashishgan. Bir sutka yotishgach gaz hidiga o‘rganib qolishgan shekilli, o‘sha yerda ishlaydigan qarindosh ayol boshqa joyga boringlar desa unashmagan. 24 dekabr kuni kuyovim xonaning chirog‘ini yoqishi bilan kuchli portlash sodir bo‘lgan. U yengilroq kuygan, palataning to‘rrog‘ida bo‘lgan singlim 80 foiz kuyish jarohatini olgan», dedi Bibisora Oripova.

Bibisora Oripovaning aytishicha, singlisi va kuyovi davolanishga borishidan bir necha kun oldin shifoxona ma’muriyati shahar gaz idorasidan ruxsat olmasdan u yerda gaz bilan bog‘liq qandaydir ishlar qilgan.

Oqibatda eskirib, yaroqsiz holga kelgan quvurdan gaz chiqa boshlagan. Bu holatni Oysara Oripova va uning eri borguncha shifoxona rahbariyati va ma’muriyati ham bilgan, ammo bartaraf etish choralarini ko‘rmagan.

«Singlim keksayib, sog‘ligida muammolar bor edi. Uning tanasi 80 foizga kuygan. Hodisa sodir bo‘lgandan so‘ng unga Qarshidagi eng kuchli vrachlar qarashdi. Ammo singlim vafot etdi», dedi Bibisora Oripova.

Uning aytishicha, ayni damda kuyovi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo filialida davolanmoqda.

Bibisora Oripova shifoxonada gaz sizib chiqishiga mas’ul mutasaddilar va singlisining o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxslarning xatti-harakatlari yuzasidan tekshiruv olib borilayotgani haqida ma’lumotga ega emas ekan.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid