O‘zbekiston | 14:12 / 07.01.2023
23822
6 daqiqa o‘qiladi

«Buxoro tajribasi»: G‘ijduvonda o‘quvchilar anomal sovuqda to‘garaklarga jalb etildimi?

Anomal sovuq sabab maktablarda ta’til kunlari uzaytirilgan bo‘lsa-da, bolalar to‘garaklarga jalb etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. «Shu sovuqda to‘garak o‘tish kerak ekan. Undan ko‘ra, vazirlik ta’tilni uzaytirmagani yaxshi emasmidi?» – deb yozadi ijtimoiy tarmoqdagi foydalanuvchilardan biri.

6 yanvar kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 3-maktabda to‘garaklar o‘tkazilayotgani, agar bu to‘garaklardan hisobot uchun suratlar olib tashlanmasa, keskin choralar ko‘rilishi mumkinligi haqidagi skrinshot tarqaldi.

Holatdan norozi bir fuqaro tumandagi hamma maktablarga shunday buyruq berilayotganini aytgan.

«Ta’til nimaga uzaytirildi o‘zi? Hamma joyda bir xil topshiriq berishyapti. Shu sovuqda to‘garak o‘tish kerak ekan. Undan ko‘ra, vazirlik ta’tilni uzaytirmagani yaxshi emasmidi? Nimaga bunday maynabozchilik qilishyapti? XTBlar har kuni maktablardagi to‘garaklarni tekshiryapti. Vazirlikka ayting, chek qo‘yishsin bunday ko‘zbo‘yamachilikka. Hamma yerda shu holat», – deydi u.

Kun.uz holat yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi (hozirgi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi) matbuot kotibi Laylo Rustamova bilan bog‘landi. Uning aytishicha, bunday mashg‘ulotlarni o‘tkazish bo‘yicha vazirlik hech qanday topshiriq bermagan. 

«Vazirlik tasarrufidagi respublika tashkilotlari – Bolalar kutubxonasi, «Barkamol avlod» bolalar maktabi tomonidan barcha loyihalar onlayn tarzda tashkil etilmoqda. Hukumatning tegishli yig‘ilish bayonida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, qishki ta’til davomida o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida kitob mutolaasini oshirishga qaratilgan onlayn intellektual viktorinalar, radio eshittirishlar hamda teleko‘rsatuvlar namoyish etilishi ko‘zda tutilgan», – deyiladi vazirlik matbuot xizmati bergan izohda.

Shuningdek, uzaytirilgan qishki ta’til kunlarida maktablarda o‘quvchilar ishtirokida to‘garaklar tashkil etilmasligi, bu jarayon hududiy bo‘linmalar hamda vazirlik tarkibidagi barcha ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan shaxsiy nazoratga olinishi so‘raldi.

G‘ijduvon XTB (hozirgi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy bo‘limi) mudiri Muxtor Fayziyevga ko‘ra, suratlar tashlanmasa, chora ko‘rilishi bo‘lim xodimi tomonidan aytilgan.

«Ba’zi maktab ma’naviyatchilari rasm tashlab berishni ham qilmayotgandi. Bu majburiy emas edi, o‘rinbosarim o‘qituvchi ishlayotgani, o‘quvchi kelayotgani aks etgan oddiygina rasmni tashlab bermagan ma’naviyatchi pedagoglarga yozgan.

Endi bu tizimda nazorat degan narsa ham bor-ku. Bolani tadbir davomida nazorat qilmasak, shu vaqtda jarohat olib qolsachi? Shunchaki ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida aytilgandi, boshqa maqsadimiz yo‘q edi. Xodimimiz yangi, ishga kelganiga 1 oy bo‘lyapti. Uni chaqirdik, tushuntirish xatini oldik. Lekin o‘zi juda bilimli, yaxshi kadr. Hamma ham xato qiladi, shu xatosi uchun ishdan haydab yuborsak, qanday bo‘ladi endi» – dedi u. 

Kun.uz’ning aniqlashicha, to‘garaklar chindan ham vazirlik tomonidan emas, balki Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev qarori asosida tashkil qilingan.

«4 yanvardan ota-onalar ishga chiqib ketishgach, bolalarning vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida bepul to‘garaklar o‘tkazilayotgan edi. O‘quvchilar qaysi fanga qiziqsa, kelib qatanashaversin degan maqsadda butun viloyatdagi maktablar uchun tashkil qilindi.

Bu holatlarga bizning xalq ta’limi bo‘limi tomonidan to‘garaklarga necha kishi kelgani va ketgani bo‘yicha har kunlik hisobot so‘ralayotgani aytildi. Rasmlar qaysi bola, qayerdaligini bilish uchun so‘ralgan», – deydi G‘ijduvon tumani hokimligi matbuot kotibi Mansurjon Jo‘rayev.

Tahririyatga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat hokimligi Buxoro viloyati XTBga qishki ta’til davomida o‘quvchilarni maktablarda faoliyat yuritayotgan 18 mingga yaqin fan to‘garaklariga jalb qilish topshirig‘ini bergan.

Ta’til kunlari keyingi hafta ham davom etishini hisobga olsak, anomal sovuqda o‘qituvchi va bolalar to‘garaklarga jalb etilishini ijobiy baholab bo‘lmaydi. O‘tgan yili dekabr oyidagi sovuq kunlarda ham ta’lim muassasalarining kuz-qishga tayyor emasligi ko‘rinib qolgandi.

Achinarlisi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga bo‘lgan bunday munosabat bir hududda yuzaga kelayotgani yo‘q, bu «epidemiya» boshqa viloyatlarda ham kuzatilgandi.

Xususan, o‘tgan yili fevral oyida Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar o‘quv muassasasida ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib uzr so‘rashgandi.

Keyinroq Namangandagi o‘qituvchilardan biri dars qilib kelmagan 1-sinf o‘quvchilarini doskaga chiqarib izza qilgandi. Pedagogni ishdan olishgacha borib, so‘ng ota-onalar o‘qituvchi tajribali ekanini aytib iltimos qilishgach, mehnat shartnomasi bekor qilinmaydigan bo‘lgandi.

Oktyabr oyida esa sovuq kun bo‘lishiga qaramay, Shayxontohurdagi 34-maktabda klassik shim kiyib kelgan o‘quvchi qiz maktabga kiritilmagandi. Vazirlik bu talab noto‘g‘ri ekanini bildirgandi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid