O‘zbekiston | 09:30 / 07.01.2023
6336
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolaydi

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Islomobodga tashrifi doirasida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Suhbat chog‘ida 2016 yildan buyon 5 barobar oshgan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining izchil o‘sishiga e’tibor qaratildi. Ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish borasidagi katta imkoniyatlar mavjudligi, bunga joriy yilning mart oyida imzolangan Tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitim ko‘p jihatdan qo‘l kelayotgani alohida ta’kidlandi. 

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 500 million dollar va bir necha yil ichida 1 milliard dollarga yetkazish imkonini beruvchi hujjat – Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim yuzasidan kelishish va uni imzolash bo‘yicha mas’ul vazirlik hamda idoralar o‘zaro hamkorligini faollashtirish istiqbollari qayd etildi.

O‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida yirik mintaqaviy transport-logistika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Texnik-iqtisodiy jihatlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati, dala tadqiqotlari, mintaqaning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda tashabbuslarni ilgari surishning moliyaviy, texnik va tashkiliy masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat vazirliklari va idoralari hamda ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish asosida ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va sheriklikni kengaytirish dinamikasini saqlab qolishga sodiqlik bildirildi. Buning uchun 2023 yil boshida Toshkentda O‘zbekiston-Pokiston hukumatlararo komissiyasi uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha kelishildi.

Mavzuga oid