O‘zbekiston | 10:24 / 12.01.2023
2958
2 daqiqa o‘qiladi

Ta’qib etganlik uchun ham himoya orderi berilishi mumkinligi belgilanyapti

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda “Ta’qib etish” (stalking) tushunchasiga ta’rif berilib, ta’qib etganlik uchun ham himoya orderi berilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Ta’qib etish - jabrlanuvchida qo‘rquv yoki ruhiy tushkunlikni keltirib chiqaruvchi, uni xohish-irodasiga qarshi qidirish, og‘zaki, aloqa vositalari yoki boshqa usullar orqali aloqaga kirishish, ish, o‘qish va yashash joyiga borish bilan ifodalanadigan bir martadan ko‘p sodir etiladigan harakat.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan 1 yil muddatgacha berilishi belgilanmoqda. Amalda order ichki ishlar idoralari tomonidan 30 kunga beriladi. 2022 yilda ilgari himoya orderi berilgan xotin-qizlarning 12 nafari takroran zo‘ravonlikka uchragan.

Himoya orderi bilan belgilanadigan qo‘shimcha cheklovlar turlari (jabrlanuvchi yashaydigan turar joy maydoni yoki uning bir qismidan foydalanish, jabrlanuvchi ish joyi yoki boshqa joylarga yaqinlashishni muayyan vaqtga cheklash, muayyan joylarda bo‘lmaslik, narkologik kasallikdan davolanish) kiritilmoqda.

Mavzuga oid