O‘zbekiston | 18:30 / 16.01.2023
27156
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro va Xorazm viloyati hokimlariga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Qo‘mita raisi o‘rinbosari viloyat hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi, Xazorasp tumani hokimining lavozimi ko‘tarildi.

Jamshid Tursunov Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.

Jamshid Tursunov. Foto: Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi

U 1979 yilning 22 fevralida Buxoro viloyati Buxoro tumanida tug‘ilgan. Mutaxassisligi — moliya va kredit, bank ishi. O‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Markaziy bankining turli lavozimlarida ishlagan.

2021 yil mayidan buyon Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgandi.

Buxoro viloyati hokimining avvalgi birinchi o‘rinbosari Nozim Xolmurodov 2022 yil avgustida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgandi (u Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari bo‘lishidan oldin ham, 2019-2021 yillarda shu vazirlikda vazir o‘rinbosari bo‘lgan).

Nozim Xolmurodov. Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Xorazm viloyatida ham o‘zgarishlar bo‘ldi.

Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Komiljon Erkinovich Sobirov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. 

Komiljon Sobirov. Foto: Xorazm viloyati hokimligi

Muqaddam Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari bo‘lgan Komiljon Sobirov 2020 yil dekabrida viloyat hokimi o‘rinbosarligiga tayinlangandi.

Hazorasp tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan O‘ktam Rustamovich Masharipov Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

O‘ktam Masharipov. Foto: Xorazm viloyati hokimligi

Masharipov avval ham Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan, keyin Yangibozor tumaniga hokimlik qilgan, 2020 yil martidan buyon Hazorasp tumaniga rahbarlik qilib kelayotgandi.

Mavzuga oid