Tuzli muz-qor Bo‘rijar kanaliga to‘kildi. Vazirlik bayonoti quruq gapmidi?
Toshkent ko‘chalaridagi muzlagan qor uyumlari yig‘ilib, poligonlar bilan birga Bo‘rijar kanaliga ham to‘kildi. Tuzli aralashmadan iborat bu qorlar kanal ekotizimi uchun og‘uga aylanishi mumkin. Tabiat vazirligi bu holat to‘xtatilib, nazoratga olinganini aytib bergan bayonotining ertasiga ham bu noma’qulchilik davom etaverdi.
18-19 yanvar kunlari Toshkent shahri bo‘ylab ko‘chalar qor va muzdan ommaviy tozalandi. Ko‘chalardan yig‘ib olingan qor va muz qoldiqlari nafaqat poligonlar, balki Bo‘rijar kanaliga ham olib kelib to‘kildi.
Jamoatchilik muzni eritish uchun ko‘chalarga sepilgan tuz va qum aralashmasi zaharli bo‘lib, suvdagi jonivorlar va kanal bo‘yidagi o‘simliklar dunyosiga zarar yetkazishidan xavotir bildirdi.
Ko‘chalardan yig‘ilgan qor va muz yuk mashinalarda Bo‘rijar kanalining Chilonzor tumani Novza ko‘chasidan o‘tgan qismiga – yo‘l yuziga to‘kib ketildi.
Kun.uz bilan suhbatda yuk mashinalarda qor va muzni kanal bo‘yiga to‘kib ketayotgan haydovchilar ham, og‘ir texnikalar yordamida yig‘ilgan qor uyumlarini suvga oqizib yuborayotgan ishchilar ham aynan kim bu topshiriqni berganini ochiqlashmadi.
“Boshqalar ham qorni shu yerga olib kelib to‘kishayotgandi, shuni ko‘rganimiz uchun biz ham shu yerga olib kelib to‘kdik. Hech kim bizga olib borib o‘sha yerga to‘k degani yo‘q. O‘tgan kuni kechqurun ham yuk mashinalarida olib kelib to‘kishayotgan edi, bugun hech kim bo‘lmaganini ko‘rib biz ham shu yerga olib kelgandik”, deydi haydovchilardan biri.
“Hashardamiz, mashinamdagi qor va muzni Senatning oldidan tozalab olib kelyapmiz. Bugun birinchi marta shu yerga olib kelib to‘kyapman”, deydi boshqa bir haydovchi.
Mirobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘ofurxo‘ja Jonxo‘jayev Kun.uz'ga bergan intervyusida ko‘chalarni tozalash natijasida to‘plangan, muzlagan tuzli qorlar O‘rtasaroydagi chiqindixonaga olib borib tashlanishi kerakligini ta’kidlagandi. Demak, kimlardir uzoq masofadagi chiqindixonaga borgisi kelmaganidan yoki yoqilg‘ini tejamoqchi bo‘lganidan mana shu “innovatsion” yechimni o‘ylab topgan ko‘rinadi. Balki haydovchilar ishdan ayrilishdan qo‘rqib, topshiriqni kim berganini aytishni istashmagandir, bu yog‘i bizga qorong‘i.
Qor uyumlari kanal bo‘yiga palapartish to‘kib ketilgani oqibatida trotuardan piyodalar harakatlanishiga hech qanday imkoniyat qolmadi. Qor, muz, tuz va balchiq aralash zaharli chiqindilar avtomobil yo‘lining yarmigacha chiqib ketdi, bu esa haydovchilarga ko‘plab murakkabliklarni yuzaga keltirdi.
Suvga oqizib yuborilayotgan tuz aralashmali qor atrof-muhitga qanday ziyon yetkazishi mumkin?
“Ko‘chalarda muzlagan qorlarni yig‘ib olib kelib shu yerga to‘kishayotgani haqida bizga murojaat kelib tushdi. Murojaatga asosan hududga chiqib o‘rganish ishlarini olib boryapmiz, tegishli tartibda laboratoriya namunalari olindi. Tahlil natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beramiz”, dedi biz bilan suhbatda Toshkent shahar Tabiat resurslari boshqarmasi Chilonzor tumani bo‘limi mutaxassisi Farhod Boltaboyev.
Tabiat resurslari vazirligining muhokamalarga sabab bo‘lgan holat yuzasidan 18 yanvar oqshomida bayonot bergan edi. Bayonotda poytaxt ko‘chalaridan tozalangan qorlarni belgilanmagan hududlarga joylashtirish holatlari to‘xtatilgani, tegishli tashkilotlarning xodimlari bilan tushuntirish ishlari olib borilgani, kelgusida bu kabi holatlarni takrorlamaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgani va bu ko‘rsatmaning bajarilishi nazoratga olingani aytilgandi.
Vaholanki, Kun.uz yuqoridagi video va suratlarni 19 yanvarda, vazirlik bayonotidan keyingi kunda tasvirga oldi. Ya’ni aslida bu noma’qul ish to‘xtatilmagan, bu topshiriqni hech kim nazoratga olmagan bo‘lib chiqdi.
Tabiat vazirligi muammoli vaziyat yuzasidan amaliy harakatga o‘tib, tabiatga zarar keltirilgani yoki yo‘qligini aniqlab, zarar yetkazilgani aniq bo‘lgan taqdirda tegishli choralarni ko‘radimi-yo‘qmi – buni vaqt ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024