O‘zbekiston | 10:44 / 28.01.2023
5889
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda AQSh universitetlari filiallarini ochish jadallashtiriladi

O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov AQSh elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashdi.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Uchrashuvda ikki davlat universitetlari o‘rtasida hamkorlik, talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar almashinuv dasturlari, ingliz tilini qo‘llab-quvvatlash kabi loyihalar doirasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ingliz tilini o‘qitish, respublika oliy ta’lim muassasalariga ma’ruza o‘qish, seminarlar va mahorat darslarini o‘tkazish maqsadida amerikalik mutaxassislarni jalb qilish hamda mamlakatda AQSh universitetlari filiallarini ochish O‘zbekiston tomoni uchun manfaatli ekanligi qayd etildi.

Tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlarini (Double-degree Program) yaratish, amerikalik mutaxassislarni respublika oliy ta’lim muassasalariga jalb qilgan holda qisqa va uzoq muddatli ma’ruzalar, mahorat darslarini tashkil etish orqali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

AQSh dipmissiyasi rahbari Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari (ACIE) tomonidan Markaziy Osiyo universitetlari hamkorligi dasturi (UniCEN), O‘qituvchilar malakasini oshirish dasturi (FEP) hamda Ingliz tili stipendiyasi dasturi (EL Fellow) respublika oliy ta’lim muassasalari ishtirokida amalga oshirilayotganini hamda kelgusida ushbu dasturlar hamkorlik aloqalarini rivojlanishiga yana bir turtki bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda joriy yilning oktabr oyida mamlakatda O‘zbekiston va AQSh oliy ta’lim muassasalari ishtirokida forum yoki konferensiya o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid