Jahon | 20:23 / 02.02.2023
39885
11 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Rossiya Donetsk oblastida hujumlarni kuchaytirmoqda

Bu orqali ruslar boshqa yo‘nalishda zarba berishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Rossiya mudofaa vazirligi

Rossiya qo‘shinlari Donetsk oblastida ikki yo‘nalishda – oblast markazidan shimoldagi Baxmutga va janubi-g‘arbdagi Vuhledarga hujumlarni kuchaytirgan. Baxmut atrofida ular Ukraina mudofaasining chap qanotini biroz ortga surishga muvaffaq bo‘lgan. Vuhledar (Ugledar) atrofida esa ularning muvaffaqiyati ancha kamtarroq ko‘rinadi, ammo frontning bu uchastkasida hujumlar tobora kuchayib bormoqda. BBC Ukrainadagi harbiy harakatlar hududidagi vaziyatni tahlil qildi.

Vuhledar hududidagi vaziyat

Britaniya harbiy razvedkasi yozishicha, Rossiya bo‘linmalari Vuhledar hududidagi razvedka hujumlarini muvofiqlashtirilgan yurishga aylantirdi. Tinch okeani flotining 155-dengiz piyodalari brigadasi bo‘linmalari front chizig‘ini Kashlagach daryosidan bir necha yuz metr ichkari surishga muvaffaq bo‘lishgan.

«DXR» hukumati vakillariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini ushbu shaharga kira boshlagan va uning chekkalarida mustahkam o‘rnashgan.

Vuhledar uchun janglar 2022 yil noyabrida boshlangandi – o‘shanda Rossiya jangga boshqa bo‘linmalar bilan kuchaytirilgan 155- va 40-dengiz piyodalari brigadalarini jangga tashlagandi. Bir necha urinishlardan keyin bu brigadalar Vuhledardan janubroqda joylashgan Pavlovka posyolkasini egallashgandi, Rossiya mudofaa vazirligi ushbu aholi yashash manzili egallangani haqida ikki marta – 11 va 20 noyabr kunlarida hisobot bergan, 3 dekabr kuni esa - bu posyolka Rossiya artilleriyasi  tomonidan o‘qqa tutilgani xabar qilindi.

Shuningdek, Rossiya qismlari ushbu posyolkani shturm qilish chog‘ida, keyin uni nazoratda saqlab turish uchun janglarda ulkan yo‘qotishlarga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. O‘shanda Vuhledarni egallashning imkoni bo‘lmagan - ikki tomondagi harbiy muxbirlarning qayd etishicha, bu aholi yashash manzili tepalikda joylashgan, shu tufayli unga yaqinlashish va ko‘tarilish oson emasdi.

Qariyb ikki oy o‘tib rossiyaliklar Vuhledarni egallash uchun harakatlarni tikladi, ammo hozircha barchasi Pavlovkada kuzatilgan ssenariy bo‘yicha kechmoqda.

Tinch okeani flotining 155-brigadasida shartnoma asosida xizmat qiluvchi dengiz piyodasi «Mediazona» nashriga Vuhledar atrofidagi janglar to‘g‘risida so‘zlab bergan – uning aytishicha, Rossiya qo‘shini shahar chekkasidagi turar joylarni shturm qilishga urinmoqda va og‘ir yo‘qotishlarga uchramoqda.

«Biz shunchaki u yerga kirishga urinamiz, zarba qabul qilamiz va ketamiz. Uch kundirki shunday bo‘lmoqda. Ko‘p texnika yo‘qotildi, ammo bizga yangisini berishmoqda va yana dachalarni egallashga yuborishmoqda», degan u. Askarning taxmin qilishicha, bu vaqt ichida kamida 200-230 kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«Odamlar jang qilishni istamayapti, ammo hamma joyda Vuhledarda jang ketayotgani haqida jar solishgan, shuning uchun biz har qanday qurbonlik evaziga bo‘lsa ham bu yerni olishimiz kerakligini aytishgan», deya qo‘shimcha qiladi u. «To‘g‘risini aytsam, bizda safarbar qilinganlarni unchalik qadrlashmaydi, chunki ularni yana yollash mumkin, shartnoma asosida jang qiladiganlarni esa yo‘q. Eng ahmoqona hujumlarga asosan safarbar qilinganlar yuboriladi», degan nashr suhbatdoshi.

Britaniya razvedkasi taxmin qilishicha, Rossiya qo‘mondonligi Donetsk oblastining Ukraina nazoratidagi qismida yurish qilish uchun yangi yo‘nalish ochish ustida ish olib bormoqda – bundan maqsad Ukraina armiyasini ayni vaqtda shiddatli janglar kechayotgan Baxmutdan chalg‘itish hisoblanadi.

Baxmut atrofidagi vaziyat

Seshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi Baxmutdan shimolroqdagi Blahodatnoye posyolkasi Rossiya qo‘shinlari nazoratiga o‘tgani haqida ma’lum qildi, bu aholi yashash manzili egallangani haqida «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin 28 yanvar kuniyoq e’lon qilgandi.

Ukraina armiyasi Baxmutni nazoratida saqlab qolmoqda. Foto: Reuters

RF mudofaa vazirligi svodkasida ushbu posyolkani armiya aviatsiyasi, raketa qo‘shinlari va qo‘shinlarning Janubiy guruhi artilleriyasining operativ-taktik ko‘magida ko‘ngillilarning shturmchi otryadlari» egallagani aytilgan.

Ukraina qo‘mondonligi hozircha Rossiya mudofaa vazirligining Blahodatnoye egallangani to‘g‘risidagi bayonotiga munosabat bildirmagan.

Chorshanba kuni Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) Rossiya qo‘mondonligi Baxmutni shturm qilayotgan «Vagner» otryadlariga madad berish uchun bu yo‘nalishga muntazam armiyaning yirik bo‘linmalarini tashlagani haqida xabar berdi. Xususan, desantchilar yuborilgan.

Rossiya qo‘mondonligining rejasi tushunarli - ular shimol va janubdan zarba berib, Baxmutni qurshov xavfi ostida qoldirish va Ukraina qismlarini shahardan chekinishga majbur qilishni ko‘zlagan. Hozircha shahardagi Ukraina garnizoniga g‘arbdan keladigan kamida ikkita trassa orqali (Krasnoye va Chasiv Yar) ta’minot yetkazib berish imkoniyati mavjud - ukrainlar shu yo‘llar orqali chekinishi ham mumkin.

ISW hisobotida keltirilishicha, «Ukraina qo‘mondonligi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan yo‘qotishlardan ko‘ra chekinishni afzal ko‘rishi mumkin», shuningdek shahar qurshab olinishi muqarrar bo‘lib qolsa, qo‘shinlar olib chiqiladi.

Ammo shuni ham inobatga olish kerakki, Baxmutni aylanib o‘tish uchun ilgarilayotganida Rossiya armiyasining qanotlari tobora kengayib bormoqda. Hujumlar sustkashlik bilan olib borilayotgan sharoitda qanotlar tobora zaiflashadi va ko‘proq resurslar talab qiladi, bu ehtiyoj esa boshqa yo‘nalishlarni bo‘shashtirish hisobiga qoplanadi.

Britaniya razvedkasi hisoblashicha, Rossiya Baxmut sektorida lokal muvaffaqiyatlarga erishishda davom etishi mumkin, ammo Rossiyada front chizig‘ini yorib o‘tish uchun kuchlar yetarli emas.

Rossiyalik harbiylar o‘z xatolaridan saboq chiqarmoqda

«Biz hozir juda qiyin holatdamiz. Tushunib turibmizki, Rossiya har kuni saboq olmoqda va o‘z strategiyasini o‘zgartirmoqda. Va men o‘ylaymanki, biz ulardan tezroq o‘rganishimiz kerak», degan BBC muxbiri Endryu Harding bilan suhbatda IIV tarkibidagi «Dnipro-1» polkining razvedkachi bo‘linmasi komandiri Dmitro Podvorchanskiy.

U va boshqa ukrain harbiylari aytishicha, endilikda dushman o‘zining o‘q-dori omborlarini avvalgiga qaraganda yaxshiroq niqoblamoqda va xavfsiz joylashtirmoqda, shuningdek ukrainlarning ta’minot yo‘llariga samaraliroq hujum qilmoqda.

Dmitro Podvorchanskiy: «Biz [Rossiya armiyasidan ko‘ra] tezroq o‘rganishimiz kerak»

2022 yil yozida, Ukraina qurolli kuchlarida Amerikaning yuqori aniqlikda raketa zarbalari yo‘llovchi HIMARS tizimi paydo bo‘lganida, Rossiyaning front chizig‘i yaqinidagi arsenallari birin-ketin portlab keta boshlagandi. Natijada oldingi chiziqdagi rossiyalik artilleriyachilar snaryad taqchilligiga uchragan, bu o‘z navbatida Rossiya armiyasining Donbassdagi yurishlari to‘xtab qolishi sabablaridan biri bo‘lgandi.

Rossiya qo‘mondonligi xulosalar chiqardi: yirik omborlar front ichkarisiga ko‘chirildi (shu bilan birga, bu chora o‘q-dorilarning oldingi chiziqqa yetkazilishini qiyinlashtirdi), shuningdek, «barcha tuxumlar bir savatchaga joylanishi»ga barham berildi. Qimmatbaho HIMARS bilan kichik omborlarga zarba berish esa foydali emas.

Hozirda Ukrainada Rossiya artilleriyasi yana faollashdi, kunlik artilleriya zarbalari soni o‘sib bormoqda, ukrain harbiylarining so‘zlarini Polshadagi Rochan Consulting tahliliy markazi rahbari Konrad Muzika ham tasdiqlaydi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, 24 yanvar kuni Ukrainaning 111 ta aholi yashash manzillariga zarba yo‘llangan, bu esa 7 sentabrdan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Axborot maydonidagi kartina

Rossiya tomonidagilar ham, Ukraina tomonidagilar ham Baxmut va Vuhledar atrofidagi janglar ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligi, haqiqiy yurish esa boshqa joyda boshlanishi kutilayotganini taxmin qilishmoqda.

Kuchlar nisbati taxminan ma’lum ekaniga qaramay, Rossiya va Ukraina bosh shtablarining yaqin vaqtlar uchun rejalari bo‘yicha obektiv prognoz qilish qiyin.

Hozircha ikki tomonda ham rasmiylar targ‘ibotchilar ruhiyatni ko‘tarish va jamiyatni urushni davom ettirishga safarbar qilishga qaratilgan informatsion kartinani chizish bilan band.

Ukraina nashrlari navbatdagi aholi yashash manzili boy berilishiga e’tibor qaratmasdan, rossiyalik askarlarning jasadlari bilan to‘lgan dalalar hamda Ukraina qurolli kuchlariga yordam uchun harakatlanayotgan G‘arbning zirhli texnikalari kolonnalari aks etgan videoyozuvlarni tarqatishmoqda.

Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov Washington Post nashriga bergan intervyusida Rossiyada «Kalibr» rusumli uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar zaxiralarining faqat 9 foizi qolgani, Ukraina yozga borib Qrimni ham ozod etishi mumkinligi haqida gapirgan.

Rossiya davlat nashrlari Ukrainadagi navbatdagi aholi yashash manzilini egallash chog‘ida Rossiya harbiylari ulkan yo‘qotishlarga uchrayotgani haqidagi ma’lumotlarni ignor qiladi, ammo Rossiya qurollari kuchi haqida juda ko‘p gapirib, «biz buni yana qila olamiz» yo‘sinida harakatlanadi.

RT bosh muharriri Margarita Simonyan shu kunlarda Vladimir Solovevning teleshousi efirida, go‘yoki Germaniya aholisi Ukrainaga tanklar yetkazib berilishiga qarshi chiqishgani haqida aytib, shunday jumlani o‘rtaga tashladi: «Bu shuni anglatadiki, nemis xalqi yana fashistlar qo‘liga tushdi! Biz nemis xalqini yana bu fashistlardan ozod etishimiz kerak emasmi?»

Mavzuga oid