O‘zbekiston | 08:30 / 07.02.2023
3723
1 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyadan Samarqandga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tashkil etiladi

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov boshchiligidagi delegatsiyaning Indoneziya turizm va kreativ iqtisodiyot vaziri Sandiaga Salahuddin Uno bilan uchrashuvida turizm, Samarqandga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish va indoneziyalik ziyoratchilar uchun ziyorat turlarini tashkil etishda hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Foto: Kun.uz

Tadbirda 2024 yil O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan kreativ iqtisodiyot va turizm xalqaro konferensiyasida mazkur mamlakat delegatsiyasi ishtirok etishi ham ma’lum qilindi.

Tomonlar Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Mahdumi A’zam, Xoja Ahror Valiy, Abdi Dorun va Abdi Berun ziyoratgohlariga indoneziyalik sayyohlar uchun maxsus ziyorat turlarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.

Delegatsiyaning Indoneziya Ta’lim, madaniyat, izlanishlar va texnologiyalar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida talabalar va mutaxassislar almashinuvi yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish, «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetida indoneziyalik yoshlar uchun grant ajratish, Indoneziyaning birinchi prezidenti Sukarnoning Samarqandga amalga oshirgan tashrifi haqida spektakl tayyorlash masalalari o‘rganildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid