Iqtisodiyot | 16:51 / 13.02.2023
32418
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zini o‘zi band qilganlar bergan chekdan keshbek qaytarilmaydi

Soliq qo‘mitasi o‘tgan yili o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ham kassa apparat bilan ishlash talabini qo‘ygandi. Qo‘mitaning o‘sha paytdagi raisi, hozirgi iqtisodiyot vaziri Sherzod Qudbiyev bu tartibni chek berish majburiyligi bilan izohlagan edi. Endi esa, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan berilgan cheklar uchun keshbek to‘lanmasligi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekistonda chekning 1 foizi qiymatida davlat tomonidan keshbek qaytarilmaydigan xaridlar toifalari bittaga ko‘paydi. Bu ro‘yxatga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan berilgan xarid cheklari qo‘shildi.

Endilikda, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslardan olingan xarid cheklari bo‘yicha davlat xaridorlarga 1 foiz keshbekni qaytarmaydi.

Bungacha keshbek qaytarilmaydigan xaridlar ro‘yxatida avtomobil, temiryo‘l va avia chipta, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lovlar bor edi.

Soliq to‘lanmaydi, keshbek to‘lanmaydi, lekin NKM – majburiy

Hukumatning tegishli qaroriga 2022 yilda kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallaridan foydalanishi belgilangan.

Soliq qonunchiligiga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qiluvchilar soliqdan to‘liq ozod qilingan. Mehnat staji uchun esa ixtiyoriy ravishda 1 yilda bir marta ijtimoiy soliq – 300 ming so‘m to‘lash kifoya. Ammo bu toifa fuqarolar qancha daromad oladigan bo‘lsa ham, soliqqa tortilmasligi belgilab qo‘yilgan.

Qonunchilik bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlariga kassa apparat, to‘lov terminallarini qo‘llash majburiy.

Jazolash metodlardan birimi?

Kun.uz bilan suhbatda soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov bu haqda shunday degan edi.

“Kassa apparatlarini qo‘llashdan maqsad soliqdan qochishning oldini olish va soliq bazasini aniqlash. Endi o‘zini o‘zi band qiluvchi soliq to‘lamaslik imtiyozi bo‘lib turib, kassa apparatini qo‘llashi kerak. Agar qo‘llamasa, unga 5 million so‘m jarima bor, qo‘llasa, har oy kassa apparatining 100 ming so‘mlik to‘lovini amalga oshirishi kerak. Bundan maqsad – jarimalar sistemasini yaratish. Menda bunday faktlar bor: sartaroshga 5 mln so‘m jarima to‘latishgan”.

“Soliqdan ozod degani chek bermasligi kerak degani emas”

Bu tartib borasida Kun.uz muxbirining savoliga sobiq DSQ raisi (hozirda iqtisodiyot va moliya vaziri) Sherzod Qudbiyev o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga onlayn nazorat kassa mashinasini o‘rnatish haqida Soliq qo‘mitasining topshirig‘i, rejasi, talabi yoki maxsus yig‘ilishi qilinmagan, deya javob bergandi.

“Yaqin o‘rtada bunga vaqtimiz ham yetmaydi. Bunda sal mantiq bo‘lmaydi – o‘zini o‘zi band qilganlar soliq to‘lamaydi, ularga kuch ketkazib aylanmasini olganimiz bilan ulardan soliq undira olmaymiz.

Joylardagi fuqarodan chek bermaslik holati yuzasidan murojaatlar qilingan bo‘lishi mumkin. “Soliq hamkor”ga murojaat bo‘lsa, u o‘rganishsiz qolmasligi kerak, chunki boshqa fuqaroning ham huquqi bor-da. Murojaatni soliq organi xodimlari borib o‘rgangan bo‘lishi mumkin”, degandi u.

Ammo Qudbiyev so‘zining davomida ushbu o‘zgarish “to‘g‘ri” ekaniga urg‘u bergandi.

“Lekin o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro chek bermasa ham bo‘laveradi degani emas. Chek berishi kerak, chekiga soliq to‘lamasligi boshqa narsa. Soliqdan ozod degani chek bermasligi kerak deganimas, bu qonunchilikda yo‘q. Ammo uning aylanmasi soliqqa tortilmaydi”, degandi u.

Mavzuga oid