Jamiyat | 11:20 / 16.02.2023
23733
8 daqiqa o‘qiladi

“Qo‘rqma” - 70 qahramon misolida bugungi avlodga ham oyna tutgan asar

70 qadam, 70 ta iz, 70 mushtarak tilak, 70 armon. Ular haqida ko‘pchilik bilmaydi. Ba’zilar bunday fidoyilar yashab o‘tganini taxmin ham qilib ko‘rmaydi. Tarix kitoblaridagina ikki qator joy ajratilib, ularning 70 nafarligi va ular Germaniyadan qaytgach josus deya gumonlanib, yo‘q qilingani haqida quruqqina yozib qo‘yilgan. Ammo ular butkul unutilgani yo‘q. Oltin zanglamagani singari 70 qorako‘zning qahramonliklari ham osonlikcha unutilmaydi.

Foto: Kun.uz

Ular haqida batafsil o‘rganadigan va xalqqa ham o‘rgatadiganlar, ularning g‘oyalarini targ‘ib qiladiganlar, asl maqsadi nima bo‘lganligini ommaga ochiqlashga urinadiganlar hozir ham topiladi. So‘zimiz isboti sifatida “Qo‘rqma” asarini ko‘rsatishimiz mumkin.

Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida Germaniyada tahsil olgan va sobiq sovet ittifoqi tomonidan shafqatsizlarcha qatl etilgan millat yigit-qizlarining xotirasiga bag‘ishlanadi. Asarning o‘ziga xosligi shundaki, avvalo yozilish uslubi e’tiborni tortadi. Kitobxon romanni o‘qirkan, bir vaqtning o‘zida ikki davr kechmishlari, voqealari, qahramonlari bilan to‘qnashadi. U davrdan bu davrga sakrab yuradi. Ammo bu sakrash o‘quvchiga hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi. Aksincha oralig‘ida 100 yillik farq bo‘lgan ikki zamonni taqqoslash, farqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xo‘sh, o‘quvchi bu taqqoslov orqali nimalarni bilib oladi?

Yigirmanchi asrning yigirmanchi yillarida o‘zbek millati sovetlarga qaram bo‘lgan. O‘z yurtida mavjud oliy ta’lim dargohlarida o‘qiy olmagan. O‘qiy olganlari esa butkul sovetcha prinsiplar asosida tarbiyalanadi. “Qizilbog‘ich”larga aylanishadi. Qizillashadi. O‘qishga ishtiyoq bilan emas, qo‘rquv, qullik, hadik hislari bilan yo‘l oladi. Ammo shunday tahlikali davrda ham 70 nafar mard, 70 otash, 70 millatparvar topilgan xalqda Cho‘lpon, Fitrat kabi fidoyi ustozlar mavjud bo‘lgan. O‘qish uchun, bo‘lajak avlodning yuksalishi uchun, millatga “toza havo” uchun tilanchilik qiladiganlar, rizqining bir uchidan uzib bera oladiganlar chiqqan. 

70 umidvor berlinliklardan-da ko‘proq mehnat qilgan. Ular faqat shonli tariximiz, daho ajdodlarimizla faxrlanib yurish bilan cheklanishni istashmagan. Ular endi daho avlodlarga poydevor bo‘lishni ko‘zlashgan. Haq so‘zni ayta olishgan, tahdid-u yolg‘onlarga xato ketsa-da, bir o‘q uza olishgan. O‘z yurtida ajalni ko‘rib turishsa ham, olg‘a borishni eplashgan. 

Javlon Jovliyev

Xo‘sh hozir-chi? Hozir ham topiladimi shundaylar? 70 nafar bo‘lmasin mayli. 7 nafar bo‘lsa-da, chiqadimi mana, menman, deb? Asar qahramoni ham xuddi shu savollarga javob izlaydi. 

Bundan 100 yil ilgari sovetlarga qaram bo‘lgan xalq hozirda o‘z nafsiga kuchi yetmay, chuvalashib yotganini ko‘rgan qahramon bo‘zlaydi. Ilgari qullik to‘shagida qo‘rquv va xoinlik ishqidan tug‘ilgan avlod bo‘lgan bo‘lsa, hozir nafsning nahs ko‘rpasida xudbinlik va shaytoniy kelajak yuzaga kelyapti. Hozir Cho‘lpon va Fitratlar emas, “Ulug‘ kursdosh”lar talabalar qoshida “parvona”. Hozir Xayriniso Majidxonovalar o‘rnini qaysidir mansabdor bilan o‘tkazgan kechalaridan birida bo‘lib qolgan bolasini qanday yo‘qotishni o‘ylab yurgan, joy topolmay, hojatxona-yu, axlat idishlarda qoldirib ketayotgan talaba qizlar egallagan.

Hozirgi talabalarga traktor qismlarini o‘zbekchalashtirib lug‘at tuzib chiqish, yoki kechasi bilan kitob titish, domlalarning ketidan chopib bilim olish kerak emas. Bittasi erga tegishda o‘qigan degan yorliq olish uchun, yana bittasi qachonlardir ota-onasining ushalmay qolgan orzusini amalga oshirish uchun, kimdir yaqinlarining chakagini o‘chirish uchun, yana kimlardir yaxshi yashash uchun o‘qiydi. Muk tushib telefonga termilgan, kechasi bo‘lgan ishrat sabab uyqusizlikdan qizargan ko‘zlarning nuri 4 yil davomida 100 betgina kitob o‘qishga sarflanmagani achinarli. 

Hozir beg‘ubor hislar o‘rnini yovvoyi hirslar egallagan. Majnuntol tagida, anhor bo‘yida bir-biriga shirin termilib turgan, muhabbatga limmo-lim ko‘zlarmas, pana joydan foydalanib, tezroq hirsini qondirib jo‘nab qolish ilinjida bo‘lgan qalbaki oshiqlar ko‘rinadi. Qahramonimiz har ikki davrni solishtirarkan, 70 talaba davrida sovetlar sabab chin ma’nodagi qullar hozirga kelib original qullashganini payqaydi.

Mustamlakachilarning zulmidan qo‘rqib, tabiiy holatda qullashgan qo‘rqoqlar, hozirgi ongli tarzda nafsiga qul bo‘lganlardan ko‘ra yaxshiroqligini anglaydi. 70 talaba paytida millatning chiriyotgan yoki chirib ulgurgan jihatlari bisyor bo‘lgani, ammo hozirgidek butunlay chirib ketmaganini his qiladi.

Yozuvchi asarda ayollarning bilimli bo‘lishi dolzarbligi masalasining bir uchini ko‘tarib o‘tadi. Millatga ishtonbog‘ichini mahkam qisoladigan, o‘qishiga johil otasidan ruxsat ololadigan, vatanparvar, bilimli, kuchli farzandlarni tarbiyalab beradigan mustaqil, qat’iyatli ayollar zarur. Ayol ilmli bo‘lsa, farzandlar ziyoli bo‘lishi kafolatlanadi. Qo‘rqoq onadan qo‘rqoq bola, aqlli onadan dono farzand yetishib chiqadi. Ketmon chopishdan boshqasiga jur’at topmagan, tug‘ishdan ortmagan, qaynonasining zulmlariga jimgina chidagan mazlum ayolning farzandlari paxta jo‘yaklaridan narini ko‘rolmay o‘tib ketadi. Bu azaliy qonuniyat. Inkor etib bo‘lmaydi.

Asardagi ko‘plab g‘oyalar, jumlalar, millat deya ta’kidlanishlar kitobxonlarga balandparvoz so‘zlardek tuyulishi mumkin. Nega shunday? Chunki hozirga kelib vatanim uchun, yurtim uchun deb berilgan va’dalar va’daligicha qolib ketyapti. Amalda yuzaga chiqmayapti. Ishimiz sahna-yu minbarlarda ko‘tarinki nutqlar bilan xalqni, millatni to‘lqinlantirish bilan cheklanib qolyapti. Adib aytganidek, bunday balandparvoz gaplarning qanchalar haqiqatligini kimning tilidan chiqayotganiga qarab aniqlash mumkin.

Kitob so‘ngida millatning butun bir fojiasi ochiqlanadi. Bu “boltaning dastasi yog‘ochdan yasalishi” edi, millat uchun, xalq uchun yonib-kuyganlarni mana shu millatning o‘zi dor tagiga, o‘q ro‘parasiga olib borganligi edi. Qodiriyni sotgan xalq endi 70 talabani ham sotdi. Sotaverdi, sotaverdi. Oxiri sotuvchiga aylandi. Hozirga kelib hamma narsa sotilyapti. Hech narsa qolmayapti. 

Jamiyat chirigan, tanazzulga yuz tutgan. Uning tomirlari bilan yulib eshakqurtlardan tozalash, qaytadan qurish zarur. Buning uchun katta jasorat, birlik, qo‘rqmaslik kerak. Haqiqatning ko‘zlaridan qo‘rqmay olg‘a bosish, ta’lim tizimini “Ulug‘ kursdosh”lardan, “tepa”ni “Shirinbekning otalaridan”, talabalar safini qiztaka-yu, telefonchilardan, butun millatni “qizil bobo”lardan tozalash zarur. Zero, ushbu kitob shu buyuk ishlarga o‘zida jur’at topuvchilarga, 70 talabaning chala qolgan ishini davom ettiraman deguvchilarga ilk turtki bo‘lsin.

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzuga oid