Jahon | 18:43 / 16.02.2023
18617
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda «chiroyli» avtomobil raqamlari taqiqlandi

Politsiya «oltin raqamlar»ni avtomobillardan yechib olmoqda.

Foto: Turkmen.news.

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida yo‘l politsiyasi xodimlari «chiroyli» avtomobil raqamlarini yechib olmoqda. Bir xil va takrorlanuvchan «oltin raqamlar»ni berish ham to‘xtatilgan. Bunga og‘zaki berilgan taqiq sabab bo‘lishi mumkin, deb yozdi Turkmen.news.

Qayd etilishicha, ilgari «oltin raqamlarni» tanish-bilishlar va pora orqali olish mumkin edi. Ammo 2018 yilda 77 dan boshlanadigan raqamlarga taqiq qo‘yildi. Manbalarning ta’kidlashicha, bundan buyon ushbu raqamlar kombinatsiyasi faqat Gurbanguli Berdimuhamedov qarindoshlari uchun mo‘ljallangan, chunki 7 - uning sevimli raqami. Misol uchun, hozirda sobiq prezidentning hashamatli samolyotlari EZ-A777 va EZ-A700 bort raqamiga ega.

2022 yilning kuzida Ashxobod politsiyasi shaxsiy avtomobillardan «chiroyli» davlat raqamlarini olib qo‘yishni boshlagan, avtomobil egalari esa yangi raqam olishga majbur bo‘lgan edi.

Nashrning yozishicha, «chiroyli» raqamlarga bo‘lgan munosabat turli mamlakatlarda turlicha. Qayerdadir bu o‘yinga o‘xshash narsa, mashinani bezash usullaridan biri. Shu bilan birga, mulkiy va ijtimoiy tabaqalanish yuqori bo‘lgan davlatlarda «oltin raqamlar» jamiyatdagi yuqori maqom bilan maqtanish usullaridan biri.

Mavzuga oid