Baxmutdagi vayrongarchiliklar va Xarkiv osmonidagi raketalar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 358-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Volodimir Zelenskiy RF armiyasining Ukrainadagi bahorda boshlanishi kutilgan katta yurishi allaqachon boshlanib ketganini aytdi. «Rossiya hujumlari allaqachon bir necha yo‘nalishda amalga oshirilmoqda», — dedi Ukraina prezidenti.
- Rossiya qo‘shini Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum uyushtirdi. Bu hujumlardan keyin Moldovada raketa qoldiqlari topildi — bu urush boshidan buyon to‘rtinchi shunday holat.
- Rossiya va Ukraina asirlar almashinuvi amalga oshirdi: Rossiyaga 101 nafar harbiy xizmatchi, Ukrainaga — 100 nafar harbiy va tinch aholi vakillaridan bir kishi qaytdi.
- Slovakiya parlamenti Rossiyani «terrorizmni qo‘llovchi davlat» deb tan oldi. Bunday qarorlar avvalroq Yevroparlamentda va YeIning ko‘plab mamlakatlarida ham qabul qilingandi.
- Ukrainada beshinchi kundirki elektr energiyasi yoppasiga uzilmayapti. Rasmiylarning aytishicha, energiya tizimida quvvat zaxiralari paydo bo‘lgan.
- Rossiyalik harbiylar Ukrainada aviatsiyadan yoppasiga foydalanishga qaror qilgan, bu haqda «Vajnyye istorii» RF mudofaa vazirligiga yaqin manbasiga tayanib xabar berdi. Buyuk Britaniya harbiy razvedkasi baholariga ko‘ra, Rossiya Ukrainada urush boshidan buyon 130 ta harbiy samolyotini yo‘qotgan, lekin hamon 1500 ga yaqin samolyotga ega.
- Yevroittifoq davlatlari elchilari hozircha Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketi bo‘yicha kelisha olmadi. Politico manbalariga ko‘ra, kauchuk eksportini taqiqlash borasida kelishmovchilik bor.
Kun kadri. Baxmutdagi vayrongarchiliklar
Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Baxmut shahrini 2022 yil yozi o‘rtalaridan buyon qamal qilmoqda. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov Rossiya bosqinchi qo‘shinlari keng ko‘lamli bosqin boshlanganiga bir yil to‘ladigan 24 fevralga qadar shaharni egallashga harakat qilmoqda. Ammo Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti tahlilchilariga ko‘ra, bu maqsad amalga oshishi dargumon, chunki ularning kuzatuvlariga ko‘ra, RF qo‘shini yurish sur’atlarini oshirmayapti — Ukraina qo‘mondonligi ham buni tasdiqlagan, aniqlik kiritishicha, dushmanning shturm harakatlari borgan sari kamaymoqda.
Rossiya mudofaa vazirligi ham har kungi brifingida Baxmutdagi yutuqlarni tilga olmagan, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin esa uning Baxmut yo‘nalishida harakatlanayotgan yollanma kuchlariga jangchilar yetishmayotgani va Rossiyadagi «dahshatli harbiy byurokratiya» tufayli XHK saflarini to‘ldirishda muammo yuzaga kelganini aytmoqda.
Baxmut atrofida janglar davom etarkan, shaharda olti mingga yaqin tinch aholi vakili qolishda davom etmoqda (urushga qadar shaharda 71 ming kishi yashagan). Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk aholini zudlik bilan evakuatsiya qilishga chaqirdi va Baxmutda so‘nggi bir kunning o‘zida besh kishi halok bo‘lib, yana to‘qqiz kishi yaralanganini qo‘shimcha qildi.
Baxmut shahri harbiy ma’muriyati rahbari Oleksiy Reva Baxmutdagi janglar va zarbalar vaqtida vayron bo‘lgan binolarning faqat 20 foizini ta’mirlash mumkinligi — qolganlarini buzib tashlab, qaytadan qurish talab etilishini ma’lum qildi. Quyida shaharning yuqoridan ko‘rinishi aks etgan surat.
Baxmut uchun jang
Xerson oblastidagi janglar va otishmalar oqibatlari
2022 yil oktyabr va noyabr oylaridagi qarshi hujum chog‘ida Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastining bir qismini ozod etgandi, Rossiya qo‘shini bu hududlarni keng ko‘lamli bosqinning ilk davridayoq egallab olgan, 2022 yil sentabr oyida esa soxta «referendum» natijasida bu hudud annexia qilingandi. Rossiya 2022 yil kuzigacha oblast hududining 95 foizini nazorat qilayotgandi, endi esa — 80 foizdan ortiqroq qismini saqlab qolgan. Dnipro daryosining o‘ng sohilidagi hududlar Ukraina nazoratiga qaytarilgach, RF armiyasi Xerson va daryoning narigi tomonida joylashgan boshqa aholi yashash manzillarini muntazam ravishda o‘qqa tutib kelmoqda.
Xarkiv ustida raketalar