O‘zbekiston | 18:45 / 04.03.2023
9127
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda qorli yo‘lda qolgan 106 nafar o‘zbekistonlik qutqarildi 

Ob-havoning noqulay kelishi oqibatida Qozog‘istonda ko‘plab transport vositalari yo‘lda qolib ketmoqda. 

Foto: Favqulodda vaziyatlar departamenti

So‘nggi 24 soat ichida Qozog‘istonning Oqto‘be viloyatida 9 kishi qor iskanjasidan qutqarildi va 106 kishi evakuatsiya qilindi, deb xabar berdi Kazinform.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar departamenti (FVD) ma’lumotlariga ko‘ra, ob-havo sharoitining yomonlashishi, muzlama, qor bo‘roni va yo‘llarning yopilishi sababli Oqto‘be viloyatining 7 tumanidagi yo‘llarda 15 ta yengil, 366 ta yuk mashinasi va 7 ta yo‘lovchi avtobusi to‘xtab qolgan.

Xususan, o‘zbekistonliklar bo‘lgan 2 ta avtobus Samara-Chimkent yo‘lida qolib ketgan. Qutqaruvchilar 106 kishini evakuatsiya qilgan.

«2023 yil 3 mart kuni 112 qutqaruv xizmatiga Samara-Chimkent yo‘li vaqtincha yopilganligi sababli 2 ta avtobus to‘xtab qolgani, yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish zarurati tug‘ilgani haqida xabar kelib tushdi. Qutqaruvchilar 106 nafar O‘zbekiston fuqarosini evakuatsiya qilib, Oyteke bi qishlog‘i masjidiga joylashtirdi. 24 yoshli homilador ayol Qandiag‘ash shahridagi shifoxonaga olib ketildi», deb xabar qildi FVD matbuot xizmati.

Oqto‘be viloyati FVD fuqarolarga ob-havo o‘zgarishlarini kuzatib borishni, ob-havo yomonlashsa, yo‘llarda transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar joriy etilsa, yo‘lga chiqmaslikni qat’iy tavsiya qilmoqda.

Mavzuga oid