Jahon | 12:17 / 08.03.2023
3748
3 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston muxolifati yangi norozilik namoyishlariga chiqishga chaqirdi

Gurjiston muxolifati parlament tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi. Bir kun avval Tbilisida minglab odamlarning norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi va u politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Foto: EPA-EFE

Gurjiston muxolifati «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga qarshi yangi norozilik aksiyasini e’lon qildi. Miting 8 mart, chorshanba kuni tushdan keyin Tbilisidagi parlament binosi oldida bo‘lib o‘tadi, dedi muxolifatdagi «Strategiya Agmashenebeli» partiyasi rahbari Giorgiy Vashadze jurnalistlarga.

U maxsus kuchlar va politsiyani bir kun avval Gurjiston poytaxti markaziga kirgan tinch namoyishchilarga nisbatan nomutanosib kuch ishlatganlikda aybladi. «Ko‘plab namoyishchilar hibsga olingan, ular orasida muxolifatdagi «Girchi» partiyasi rahbari Zurab Japaridze ham bor. Bir necha soatdan keyin parlament oldidagi maydonga kechagidan ham ko‘proq odam yig‘iladi», - dedi u. Vashadze «jahon hamjamiyati Gurjistonning amaldagi rasmiylarini tinch aksiyani tarqatib yuborgani uchun albatta qoralashiga» ishonch bildirdi. 

«Interfaks» xabariga ko‘ra, Tbilisi markazida muxolifat tarafdorlari va xavfsizlik xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuv kechgacha davom etgan. Agentlik ma’lumotiga qaraganda, Gurjiston parlamenti binosi oldidagi hudud to‘liq politsiya va maxsus kuchlar tomonidan nazorat qilinyapti, Rustaveli prospektida esa bir necha o‘nlab namoyishchilar politsiya kordoni oldida turibdi, politsiyachilarga yaqin kelganlar qo‘lga olinyapti, deya xabar beradi agentlik. 

Tbilisida ommaviy norozilik namoyishlari 7 mart kuni parlament tomonidan «chet el agentlari» haqidagi qonun birinchi o‘qishda qabul qilinganidan keyin boshlandi. Muxolifat yetakchilari o‘z tarafdorlarini ko‘chaga chiqishga chaqirdi, parlament oldidagi maydonga bir necha ming kishi to‘plandi. Namoyish vaqtida odamlar politsiya bilan to‘qnashgan. Rustaveli prospektida namoyishchilar politsiyachilarga Molotov kokteyli uloqtirishdi. Yong‘in suv purkagichlar yordami bilan o‘chirildi.

Gurjiston Ichki ishlar vazirligi norozilik aksiyasi zo‘ravonlikka aylanganini da’vo qilgan bayonot berdi. Uning ishtirokchilari, idora ma’lumotlariga ko‘ra, parlamentga kirish yo‘llaridan birini to‘sishga uringan va «vazirlik xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik» qo‘llagan. «Agar ishtirokchilar politsiyaning qonuniy talablariga bo‘ysunmasa va huquq-tartibot xodimlariga qarshilik ko‘rsatsa, politsiya qonunda belgilangan mutanosib kuch, jumladan, maxsus vositalarni qo‘llaydi», — deya hujjatdan iqtibos keltirgan «Gruziya Online» nashri.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid