O‘zbekiston | 12:17 / 10.03.2023
51783
3 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiya bo‘yicha referendum 30 aprelga belgilandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Qonun umumxalq referendumida ovozga qo‘yiladi. Referendum 30 aprel, yakshanba kuniga belgilandi.

Qonunchilik palatasi, 10 mart / Foto: Palata matbuot xizmati

Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha qaror yuzasidan Konstitutsiyaviy sudning xulosasini olish to‘g‘risidagi masala ham qo‘llab-quvvatlandi.

Referendum byulletenida: “Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” deb yoziladi.

“Biz faqat yangi tahrirni qabul qilyapmiz. [Bundan keyin ham] Konstitutsiya qabul qilingan kun – 8 dekabr umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi”, – deya aniqlik kiritdi Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov.

Palataning 10 mart kungi yalpi majlisida ishtirok etgan deputatlardan 132 nafari Konstitutsiyaning yangi tahriri to‘g‘risidagi qonunni qo‘llab-quvvatladi, ikki deputat betaraf qoldi, uch deputat ovoz bermadi.

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ovoz berish natijasi

Konstitutsiyaning yangi tahririni referendumga chiqarish haqidagi qaror esa 134 deputatning yoqlashi bilan qabul qilindi; ikki deputat betaraf qoldi, bir deputat ovoz bermadi.

Referendum o‘tkazish haqidagi qaror bo‘yicha Qonunchilik palatasida ovoz berish natijasi

Yangi tahrirga asosan, O‘zbekiston konstitutsiyasidagi moddalar soni hozirgi 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilyapti. 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarishlar kiritilmoqda. Umuman olganda, konstitutsiya 65 foizga o‘zgartirilyapti.

O‘zgarishlar qatoridan prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish, senatorlar sonini 100 nafardan 65 nafarga tushirish, O‘zbekistonni ijtimoiy davlat deb e’lon qilish, mahalliy kengashlar va hokimlarning vakolatlarini bir-biridan ajratish va boshqalar o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, konstitutsiya islohoti haqida birinchi marta prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil noyabr oyida, ikkinchi prezidentlik muddatiga kirishishidagi inauguratsiya nutqida e’lon qilgan edi. Davlat rahbari o‘sha yili 7 dekabr kuni, Konstitutsiya kuni arafasida yo‘llagan tabrigida asosiy qonunni 2022 yili, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yillik bayrami nishonlanadigan kunlarda qabul qilishni taklif qilgandi.

Konstitutsiyani yangilash jarayonlari 2022 yil may oyida boshlandi va buning ustida deputat Akmal Saidov raisligidagi Konstitutsiyaviy komissiya ish olib bordi.

Mavzuga oid