O‘zbekiston | 18:23 / 15.03.2023
7192
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston chegarachilarining Qirg‘izistonga o‘tgani rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu haqdagi video haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aytildi.

Qirg‘iziston Respublikasi hududiga O‘zbekiston chegarachilari o‘tgani haqidagi videotasvir haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib Kaktus.media xabar berdi.

12 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qirg‘izistonning Botken tumanida yashovchi fuqaro tomonidan suratga olingan video tarqatildi. Unda go‘yo O‘zbekiston chegarachilari qurol bilan Qirg‘iziston hududiga kirib kelgani aks etgan edi.

Shundan so‘ng «mojaroning oldini olish maqsadida» Qirg‘iziston Respublikasining Aydarken yo‘nalishidagi chegara vakillari So‘x yo‘nalishida o‘zbekistonlik hamkasblari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«Uchrashuv natijasida o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar davlat chegarasini buzmagani, balki hududni ko‘zdan kechirish maqsadida chegara chizig‘i yaqinida O‘zbekiston hududida bo‘lganligi aniqlandi», deyiladi xabarda. Botkenlik fuqaro bilan suhbat davomida ular o‘zini to‘g‘ri tutgan.

Xabarga ko‘ra, ikki respublikaning chegaradosh viloyatlari aholisi o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga kelmasligi uchun chegara vakillari tegishli idoralarni oldindan xabardor qilgan holda harbiy xizmatchilarning barcha harakatlarini muvofiqlashtirishga kelishib olgan.

Videoni tarqatgan botkenlik fuqaroga vaziyat tushuntirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid