Jahon | 10:43 / 21.03.2023
11665
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova «Gazprom»dan gaz sotib olishni qayta tikladi

Dekabrdan buyon Kishinyov arzon energiya evaziga barcha gazni Rossiyadan Dnestrbo‘yi hududiga yo‘naltirmoqda. Issiq ob-havo tufayli Dnestrbo‘yida yonilg‘i sarfi kamaydi va Moldova gazning bir qismini orqaga yo‘naltirishga qaror qildi.

Foto: Moldovagaz

«Moldovagaz» kompaniyasi mart oyida uch oylik tanaffusdan so‘ng Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasidan gaz sotib olishni qayta tikladi, dedi 20 mart, dushanba kuni gaz taqsimlash kompaniyasi rahbari Vadim Cheban.

«Moldovagaz» dekabr oyida gazni ikki manbadan: «Gazprom» va Energocom davlat korxonasidan sotib olishini e’lon qildi. Shu bilan birga, respublika rasmiylari tushuntirganidek, birinchi marta Dnestrning o‘ng qirg‘og‘i «Gazprom»ga muqobil manbalardan gaz bilan ta’minlandi va Rossiyadan olingan gazning butun hajmi Dnestrbo‘yiga kela boshladi.

Shunday qilib, Moldova Rossiya gazini iste’mol qilishdan butunlay voz kechdi va qabul qilingan 5,7 million kubometrni Dnestrbo‘yiga jo‘natishni boshladi. U mintaqada joylashgan Moldova GRESda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatilgan. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Moldovaga Ruminiyadan sotib olinganidan arzonroq narxda yetkazib berildi. Bu iste’molchilar uchun tariflarni pasaytirish imkonini yaratdi. Moldova, shuningdek, Energocom tomonidan birjada sotib olingan hamda Ruminiya va Ukrainada saqlangan gazni iste’mol qilgan.

Mart oyida harorat isishi tufayli Dnestrbo‘yida tabiiy gaz iste’moli kamaydi va Kishinyov yonilg‘ining bir qismini respublikaga yo‘naltirishga qaror qildi, deb tushuntirdi Cheban. «Bunday vaziyatda, «Gazprom» va Energocom tomonidan yetkazib beriladigan tabiiy gaz narxi deyarli bir xil ekanligini hisobga olsak, «Moldovagaz» 2023 yilning mart oyi oxiriga qadar o‘z iste’molchilari uchun «Gazprom»dan kuniga taxminan 0,7-0,8 million kubometr va Energocom'dan kuniga taxminan 1,3-1,5 million kubometr gaz sotib oladi», - dedi Cheban.

Moldovada 2021 yildan beri davom etayotgan energetika inqirozi Ukrainadagi urush, yonilg‘i narxining ko‘tarilishi va «Gazprom» bilan ziddiyat tufayli yanada kuchaydi. Dekabr oyi oxirida respublika infratuzilma va mintaqaviy rivojlanish vaziri Andrey Spinu Moldova tarixda birinchi marta Rossiyadan keladigan gazga qaramlikni to‘xtatganini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid