O‘zbekiston | 19:39 / 23.03.2023
31120
4 daqiqa o‘qiladi

Kobulda Qo‘shtepa kanali masalasi ham muhokama qilindi

Afg‘oniston Amudaryodan Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasini «O‘zbekiston bilan o‘zaro anglashuv asosida» amalga oshirishga tayyorligini bildirgan. O‘zbekiston delegatsiyasi Kobuldagi muzokaralarda savdo, transport, ayollar huquqlari va boshqa mavzularni ham muhokama qilgan.

Foto: twitter.com/FDPM_AFG

Afg‘oniston Amudaryodan Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasini «O‘zbekiston bilan o‘zaro anglashuv asosida» amalga oshirishga tayyor. Bu haqda Afg‘oniston muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar 22 mart kuni Kobulda O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuv vaqtida ma’lum qilgan. Barodar uchrashuv tafsilotlari haqida Twitter sahifasida yozib qoldirgan.

Uning aytishicha, O‘zbekiston «boshqa infratuzilma loyihalari qatori Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasi samaradorligini oshirish uchun [Afg‘oniston] texnik guruhlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan».

O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonning «xalqaro standartlarga muvofiq, hamda Afg‘onistonning imtiyoz va huquqlarini to‘liq hisobga olgan holda» Amudaryodan suv olish huquqi mavjudligini qayd etgan.

Abdul G‘ani Barodar esa «O‘zbekiston tomonini Qo‘shtepa kanali loyihasini yakunlash ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashiga ishontirgan». Xabarda loyiha «o‘ta muhim» deb baholangan.

  • Ma’lumot uchun, eni 100 metr, loyihaviy uzunligi – 285 km bo‘lgan Qo‘shtepa kanali qurib bitkazilsa, Amudaryo suvining uchdan bir qismi Afg‘onistonning shimoliy hududlariga yo‘naltirilishi mumkin. Bu esa O‘zbekistonning bir qator viloyatlarida suv taqchilligini kuchaytiradi.

Savdo, transport va ayollar huquqlari

O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulda toliblar hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid, muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari va iqtisodiy tuzilmalar vakillari bilan ham qator uchrashuvlar o‘tkazgan.

Foto: twitter.com/FDPM_AFG.

Muzokaralar chog‘ida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afg‘oniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish, muhim transport-energetika loyihalarini amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilingan.

Muhim transport-energetika loyihalarini amalga oshirish, xususan, «Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar» temiryo‘lini qurish, «Surxon–Puli-Xumri» yo‘nalishi bo‘ylab elektr tarmog‘ini tortish masalalari alohida ko‘rib chiqilgan.

«Tomonlar ishning amaliy bosqichiga tezroq o‘tish zarurligini ta’kidladilar va ikki tomonlama kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar», — deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

Qayd etilishicha, muloqotlar chog‘ida ayollar huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish, qizlarning Afg‘onistonda ta’lim olishini ta’minlash, shuningdek, Termiz shahridagi Ta’lim markazi negizida afg‘on kadrlarini tayyorlash zarurligi ta’kidlangan. Uchrashuvlar doirasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Abdulqahhor Balxiyning yozishicha, Abdulaziz Komilov va Amirxon Muttaqiy o‘rtasidagi muzokaralarda «mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari har tomonlama muhokama qilingan».

Abdulaziz Komilovning so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda, u O‘zbekiston Afg‘oniston bilan qishloq va suv xo‘jaligi sohasida texnik maslahatlar bilan bo‘lishishga va o‘zaro tovar ayirboshlash darajasini 1 milliard dollarga yetkazishga tayyorligini bildirgan.

Abdulaziz Komilov va Yoqub Mujohid
Foto: twitter.com/QaharBalkhi​​​​​

Afg‘oniston mudofaa vazirligining Twitter sahifasida xabar berilishicha, muzokaralarda «chegara, xavfsizlik va boshqa tegishli mavzular» ham muhokama qilingan.

Mavzuga oid