Jamiyat | 14:38 / 03.04.2023
68451
11 daqiqa o‘qiladi

“Erimdan o‘ch olishni o‘ylabmanu, o‘zimning sha’nimni o‘ylamabman” - pushaymon ayol hikoyasi

“Qizimning ta’na, alam to‘la nigohlari hech qachon ko‘z oldimdan ketmasa kerak. Hech bo‘lmasa meni, kelajagimni o‘ylamadingizmi, degan so‘zi hali ham quloqlarim ostida aks sado beradi. Erimdan o‘ch olishni o‘ylabmanu, farzandlarimning, o‘zimning sha’nimni o‘ylamabman...”

Foto: KUN.UZ

Gohida kimgadir achchiq qilib shunday xatoga yo‘l qo‘yamizki, uning tovonini butun umr to‘lashimizga to‘g‘ri keladi. U xato nafaqat bizning, balki yaqinlarimizning ham hayotini ostin-ustun qilib yuboradi. Hayotimiz sahifasida o‘chmas dog‘ bo‘lib qoladi.

“Hayotiy hikoyalar”ning bu galgi qahramoni ham xatosining tovoniga umrining eng go‘zal lahzalarini  berib, kunlarini afsus, nadomat bilan o‘tkazayotganlardan.

“Turkiyaga kelganimga ham ancha yil bo‘ldi. Hatto sanoqdan ham adashib ketdim. Uch yilmi, to‘rt yilmi, balki besh yil bo‘lgandir. Kunlarni sanashimdan foyda yo‘q, chunki men ortimga, vatanimga, oilam bag‘riga qaytolmayman.

Bu yerga odamlardan qochib kelganman. Ammo odamlardan qanchalik qochmay, o‘zimdan qocholmadim, xayollarimdan qutulolmadim. Bir vaqtlar oilam, xiyonatkor bo‘lsa ham erim, bir-biridan shirin farzandlarim, ota-onam bor edi. O‘ylamay bosgan qadamim meni barchasidan ayirdi...

Ota-onam oddiy, mehnatkash insonlar edi. Otam novvoy, biz ularga ko‘makchi edik. Hovlimizda ish tugaganini eslolmayman. Suyagim mehnatda qotdi. Tinim bo‘lmasa-da, oilamizda xotirjamlik, baraka bor edi.

Vaqti soati bilan meni turmushga uzatishdi. Turmush o‘rtog‘im bo‘ylari baland, xushsurat yigit edi. Uni juda yaxshi ko‘rardim. Shu qadar yaxshi ko‘rardimki, jonimni berishga ham tayyor edim.

Sahar turib kelinlik vazifalarimni qilar, doimo unga e’tiborli bo‘lishga urinardim. Tun yarmida xamir qorib, tong otmasdan tandirga o‘t qalardim. Oila a’zolarim uyg‘onmasdan nonlarni uzardim. Qaynotam qaynonamga bu kelining uxlaydimi o‘zi, der ekanlar.

Katta farzand bo‘lganlari uchun alohida hovliga ko‘chib chiqdik. Qaynotam yaxshi joylarda ishlagan, o‘g‘illariga ular ulg‘aymasdan turib uy-joy solib qo‘ygan ekanlar. Birga yashaganimizda bilinmagan ekan, erimning tayinli ishi yo‘qligi alohida chiqqanimizdan so‘ng sezila boshladi.

Otasining davlatiga kerilib yurgan yigitlardan ekanligi kun sayin bilinib borardi. Bozor-o‘char qilishni bilmas, kiyim-kechakni qo‘yaturing, ro‘zg‘orga yetarli mablag‘ topolmasdi. Bu vaqtda men homilador edim. Ko‘nglim bir nimalar tusasa ham erim qiynalmasin deb aytishga iymanardim.

Qaynona-qaynotam qarashib turishsa-da, ro‘zg‘orda yetishmovchiliklar bo‘laverdi. Otamning novvoyxonalarida ishlay boshladim. Ularga yordamlashib, kunlik ish haqi va non, oziq-ovqatlar olib kela boshladim. Erim avvaliga xijolat bo‘ldi. Lekin keyin uyalmay qo‘ydi.

Oila boshlig‘i ekanini his qilib turishi, mas’uliyatni unutmasligi uchun ishlab topgan pullarimni erimning qo‘liga olib kelib berardim. Kerak bo‘lsa, so‘rab olardim. U-bu ustachilik ishlariga chiqib turgan erim kunlar sovigach umuman ishga chiqmay qo‘ydi.

Qornim ancha kattalashib qolgan, oy-kunim yaqinlashgani sari ishlashim ham qiyinlashib bordi. Otamnikiga borganimda meni novvoyxonaga kirgizmay qo‘yishdi. Bo‘ldi, o‘zingni asra, ro‘zg‘oringni o‘zim qilib beraman, dedilar dadam.

Bir tomondan vijdonim qiynalar, bir tomondan erimni qattiq sevganim uchun xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqardim. Shunday qilib ko‘zim yoridi. Biz qizli bo‘ldik.

Farzandimiz uyimizni nurga to‘ldirgan bo‘lsa, bir tomondan turmushimiz yanada qiyinlashib qoldi. Yaxshi yeb-ichmaganim uchun sutim ham yaxshi kelmay, bolam to‘ymagani uchun yig‘lab injiqlik qilar, u yig‘lagani sari mening asablarim charchab boraverardi.

Shundan so‘ng oramizda janjallar chiqa boshladi. Ora-sira qaynotam va otamnikidan keladigan oziq-ovqatga qarab qoldik. U yetmasdi. Kimdir ishlashi kerak edi. Erim kunlar isisa ustachilikka chiqishini, amallab otamning oldida ishlab turishimni tinimsiz uqtirardi.

Chillam chiqqach uyga bordim. Onamga yana ishlamoqchiligimni aytdim. Yangi kelinligingdayoq ishlashingga qarshi edim. Ering tayinli ishning boshini tutmasdan sen topganingga o‘rganib qolmasin, deb qo‘rqqandim. Otang qo‘ymagandilar. Noiloj indamadim. Lekin belingni tutib olmasingdan ishga chiqishingga qo‘ymayman. O‘rningga ering kelib ishlasin, dedilar.

Avvaliga ko‘nmadi, lekin boshqa ilojimiz ham yo‘q edi. Erim asta-sekin novvoychilikning sir-asrorlarini o‘rgana boshladi, avvaliga xamir qorishni, keyin zuvala uzishni, yasashni. Ammo non yopishni o‘rganolmadi.

Men nonni yaxshi yopardim. Er-xotin maslahatlashib, uyda novvoyxona ochishga qaror qildik. Erim xamir qorib berar, men yopardim. Asta-sekin mijozlar yig‘a boshladik. Ishimiz yurishgan sari erim o‘zgara boshladi. Qo‘liga bir-ikki so‘m pul tushib, bosar-tusarini bilmay qolayotgandi.

Kechqurunlari hovli etagiga borib, kimlar bilandir telefonda soatlab gaplashadigan odat chiqardi. Shu qadar charchardimki, borib uni poylashga holim ham qolmasdi. Sahar turib non yop, do‘konlarga tarqatib kel, uy ishlari, bola, er, ro‘zg‘or... Xullas, kunlarim shunday o‘taverardi.

Barabanning ichiga tushib qolgan sichqonchadek tinimsiz yugurardim. Erim hamir qorib berardi-da, charchadim deb kun bo‘yi uxlardi. Tuni bilan telefonda gaplashib chiqardi.

Shu zayl ikkinchi, uchinchi farzandlarimni dunyoga keltirdim. Qornimning o‘ng tomoni tez-tez og‘riydigan bo‘lib qoldi. Avvaliga og‘riq qoldiruvchi ukollar olib yurdim. Lekin borgan sari zo‘rayib boraverdi. Tekshiruvda jigarimda qurt borligini, zudlik bilan oldirishim kerakligini aytishdi.

Operatsiyadan keyin bir hafta shifoxonada qimirlamay yotdim. Uyga kelganimdan so‘ng yotish qayoqda. Hali to‘liq tuzalmaganim uchun erim non yopdi. Hammasining orqasi qorayib chiqdi. Ularni do‘konlarga yalinib, yolvorib yarim narxida o‘tkazib chiqquncha ado bo‘ldim.

Hozir o‘ylab erim ko‘p narsaga epsiz bo‘lganini tushunaman. Lekin o‘shanda ko‘zlarim ko‘r edi. Erimni telbalarcha sevar, unga qattiq ishonardim. Agar bunchalar yaxshi ko‘rmaganimda xiyonatini shu qadar qattiq olmasmidim, deb o‘ylayman.

Bolalar, ro‘zg‘or, ish, bularning bariga ulgurolmay qoldim. Ro‘zg‘or ishlarini qilish uchun bir qizni ishga oldim. Olis tumandan kelgan bu qiz uyimizda turib o‘quv kursiga qatnar, bo‘sh vaqtlarida uy yumushlarimni bajarardi. Albatta, buning uchun unga har oy haq to‘lardim.

Avvaliga e’tibor qilmadim, ammo erimning begona qizga nisbatan ortiqcha mehribonchiliklari g‘ashimni keltira boshladi. Tunda qizlar bilan telefon orqali gaplashib yurishini erkakchilikka yo‘yib ko‘z yumgandim. Lekin ko‘z o‘ngimda begona qizga xushomad qilishi meni kamsitar, ayollik nafsoniyatimga tegardi.

Qizimiz yuqori sinf, o‘g‘illarim ham esini tanib qolganda otasi esini yemagandir, deb o‘zimni yupatib yurdim. Ammo qo‘rqqanim sodir bo‘ldi. Ularni birga ushlab oldim. Tafsilotlarini eslashni, birma-bir gapirishni istamayman.

Xullas, janjallar, kechirim so‘rashlar, yalinib yolvorishlaridan so‘ng kechirdim. Birozdan so‘ng erim yana qiliqlarini boshladi. Bir kechirdi, bundan keyin doim kechiradi, deb o‘yladi chog‘i.

Ishonasizmi, ayolligimni his qilmay qo‘ydim. Shirin gap, mehribonchilik u yoqda tursin, bir dasturxonda ovqatlanmasdik. Erim tushda chiqib ketib, yarim tunda kirib keladigan bo‘ldi.

Rashk, alam, nafrat ko‘zlarimni ko‘r qildi. Erimdan topmagan baxtni men o‘zgalardan izlay boshladim. Shunday insonni topdim ham. Uzoq suhbatlashardik. U meni tinglardi, tushunardi, shirin so‘zlarini ayamasdi. Men u bilan hech bir tubanlikka bormadim, ammo, kundan kun unga bog‘lanib bordim.

Tez tez yozishadigan bo‘ldim. Bir-birimizga rasm jo‘natib, har soatda ahvolimizni so‘raydigan bo‘ldik. Erimga o‘zimni faqat pul, ro‘zg‘or uchun kerakdek his qilardim. O‘zimga yarasha husnim, chiroyim bo‘lsa, unga farzandlar tug‘ib bergan bo‘lsam, ro‘zg‘orini butlab o‘tirgan bo‘lsam, tinmasam, nega menga bunday nohaqlik qilishini tushuna olmasdim.

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deyishadi. Mening ko‘zam ham sindi. Doim yozishmalarni o‘chirardim. O‘sha kun yozishib yotib, uxlab qolibman. Yarim tunda kelgan erim qo‘limdan telefonimni olib xabarlarni o‘qib chiqibdi.

Janjal, to‘polon qildi. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yni boshimga yig‘ib keldi. Uning qo‘lida dalil bor edi. Men esa uning xiyonatlarini isbotlab berolmasdim.

Qizim ko‘zlarimga termulib, oyi, hech bo‘lmasa meni o‘ylamadingizmi? Kim degan odam bo‘ldim, sinfdoshlarim ichida qanday bosh ko‘tarib yuraman, degandagi nigohlari hech qachon esimdan chiqmasa kerak.

Erim javobimni berdi. Bolalarim hech biri men bilan ketishni istamadi. Otam oq qildi, onam yuzimga ham qaramadi, faqat yum-yum yig‘ladi. Xiyonatkor erimni xiyonat bilan jazolamoqchi bo‘lib o‘z hayotimni barbod qildim.

Men bilan yozishib yurgan insonning ham oilasi, farzandlari bor ekan. Bo‘lgan voqeadan xabar topgach, mening oilam ham shunday bo‘lishini istamayman, meni tushuning, dedi. Qanchalar katta xatoga yo‘l qo‘yganimni tushunib yetdim. Lekin juda kech edi...

Mana, endi yuribman, o‘zga ellarda odamlarning bolasini boqib, qari onasiga qarab. Hozirgi aqlim bo‘lganda erim bilan o‘shandayoq ajrashgan bo‘lardim. Ota-onam, bolalarim bag‘rida bo‘lardim hozir. Sha’nim ham oyoq osti bo‘lmasdi.

Avvaliga yashash juda qiyin bo‘ldi. Ammo bolalarimni sog‘inib yashashga ham ko‘nikib qoldim. Bir o‘y doim yuragimni o‘rtaydi: bolalarim men haqimda gapirishga uyaladi, men haqimda gap ketsa otamning boshi xam bo‘ladi. Ularga munosib farzand, munosib ona bo‘la olmadim. O‘lsam ham birov bilmaydi, ortimdan yig‘lamaydi...”       

Mavzuga oid