Jahon | 21:26 / 06.04.2023
20032
5 daqiqa o‘qiladi

Kichik Robert Kennedi Oq uy uchun Baydenga raqiblik qiladi

Kichik Robert F. Kennedi 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun Demokratiya partiyadan nomzodini ilgari surdi.

Foto: Getty Images

69 yoshda bo‘lgan kichik Kennedi - o‘ldirilgan senator Robert F. Kennedining o‘g‘li, suiqasd qurboniga aylangan prezident Jon F. Kennedining jiyani hisoblanadi.

Prezidentlikka nomzodning hujjatlari ro‘yxatga olinganini uning saylov kampaniyasi vakili Jon Sallivan tasdiqlagan.

Kennedi - ma’lumoti bo‘yicha huquqshunos - atrof muhit himoyachisi va vaksinatsiyaga qarshiligi bilan ma’lum. 2021 yilda Instagram ma’muriyati uning akkauntini o‘chirib yuborgandi, bu u yerda «bir necha bor yolg‘on ma’lumot joylashtirilgani» bilan izohlangandi.

Prezidentlikka nomzodni tanlash uchun Demokratik va Respublikachilar partiyalari o‘ch ichki saylovlarini (praymeriz) o‘tkazishadi. Kennedi - demokratlar nomzodlari orasida yangi figura va uning imkoniyatlari unchalik yuqori baholanmayapti.

AQSh prezidenti Jo Bayden bir necha bor ikkinchi muhlatga nomzodini qo‘yishi haqida gapirgan, ammo hozircha o‘z nomzodini rasman ilgari surmadi.

Avvaliga u saylovoldi poygasini aprel oyida boshlashi taxmin qilingandi, ammo, uning yordamchisining so‘zlariga ko‘ra, kampaniyani boshlash keyinga qoldirilgan.

Kichik Robert F. Kennedi va uning rafiqasi Sheril Hayns

CBS News telekanali xabar qilishicha, Bayden katta ehtimol bilan o‘z nomzodini yoz boshida rasman e’lon qiladi.

Mart oyida prezidentlik poygasiga demokratlardan yana bir nomzod - yozuvchi Marianna Uilyamson qo‘shilgandi. Uning uchun bu Oq uyga kirishga bo‘lgan ikkinchi urinishdir: 2019-2020 yillarda u demokratlar praymerizida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgandi, ammo yakunda Berni Sandersning nomzodini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgandi.

Mart oyida kichik Kennedi ham 2024 yilgi saylovlarda ishtirok etishi mumkinligini aytib, tvitterdagi sahifasida o‘z saylovoldi dasturini qisqacha bayon qilgandi.

«Agar men nomzod bo‘lsam, bu faqat bitta maqsad uchun bo‘ladi - davlat hokimiyatining xususiy korporatsiyalar bilan korrupsion birlashuviga barhma berish uchun. Chunki bu bizning iqtisodiyotimizni buzadi, o‘rta sinfni yo‘q qiladi, atrof muhitni ifloslantiradi, bolalarimizni zaharlaydi va bizni erkinliklarimizdan mahrum etadi hamda qadriyatlarimizga tahdid soladi», deb yozgandi u.

Nyu-Hempshirda o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvda Kennedi «eng katta to‘siqni yengib o‘tishga muvaffaq bo‘lgani»ni aytdi - rafiqasi saylovlarda ishtirok etishiga rozilik bildirgan.

Atrof muhit himoyasi bo‘yicha yuridik firma hammuassisi sifatida Kennedi ekologik loyihalarda ishtirok etgan - xususan, Nyu-Yorkda Gudzon daryosini tozalash ishlarida.

U shuningdek vaksinatsiya bo‘yicha skeptik qarashlari bilan ham mashhur - bu masalada u hatto o‘z oilasi bilan jiddiy kelishmovchilikka borgan: 2021 yilda uning singlisi, Kerri Kennedi, uning bu masaladagi pozitsiyasini «juda xavfli» deb atagandi.

Prezident Jon F. Kennedi 1963 yili Texas shtatining Dallas shahrida otib ketilgandi. Foto: Getty Images

2019 yilda esa Kennedilar oilasining uch vakili Politico nashri uchun birgalikda yozgan maqolasida uning emlash amaliyoti bo‘yicha pozitsiyasini tanqid qilishgandi.

Uning yana bir singlisi Ketlin Kennedi Taunsend, shuningdek akasi Jozefa P. Kennedi II va qarindoshi Mev Kennedi Makkin muallifligidagi mazkur maqolada kichik Robertning qarashlari «fojiali darajada xatoligi» va «o‘limga olib keladigan oqibatlar»ga ega bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

2022 yilda Facebook va Instagram kichik Kennedi tomonidan ochilgan Children's Health Defense («Bolalar sog‘ligi himoyasi») guruhini kompaniyaning tibbiy masalalar bo‘yicha dezinformatsiya siyosatini qayta-qayta buzgani uchun o‘chirib tashlagandi.

Kichik Kennedi vaksinalarga koronavirus pandemiyasidan oldin ham shubha bilan qarardi, ammo aynan pandemiya davrida katta auditoriyaga ega bo‘ldi: 2020 yilda Children's Health Defense daromadi ikki baravar ortib, 6,8 mln dollarga yetdi.

Kennedi shuningdek «Haqiqiy Entoni Fauchi» nomli kitob yozgan, unda AQSh yuqumli kasalliklar agentligining sobiq rahbarini «G‘arb demokratiyasiga qarshi tarixiy qo‘zg‘olon»da ayblagan.

O‘tgan yili Vashingtonda vaksinalar xavfliligi to‘g‘risida qilgan chiqishida u natsistlar Germaniyasi tajribasiga to‘xtalib o‘tgandi.

Kichik Kennedi spazmatik disfoniyadan (vokal mushaklari buzilishi, ovoz buzilishi) aziyat chekadi.

U 2014 yilda aktrisa Sheril Haynsga uylangan. Juftlik Los-Anjyelesda yashaydi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid