Jahon | 21:49 / 08.04.2023
12991
2 daqiqa o‘qiladi

NATO o‘z tarixidagi eng yirik aviamashg‘ulotlarni o‘tkazadi

Unda AQSh va Germaniyadan tashqari 22 ittifoqchi davlat ishtirok etadi. 

Foto: NATO

2023 yil yozida NATO operativ va taktik darajadagi ko‘p millatli aviamashg‘ulotlarni o‘tkazadi. Ular 12-23 iyun kunlari, asosan, Germaniyada bo‘lib o‘tadi. AQSh Milliy gvardiyasiga ko‘ra, Chexiya, Estoniya va Latviyada ham mashg‘ulotlar bo‘ladi. 

Mashqlarga 23 xil turdagi 220 ga yaqin samolyot jalb etiladi. Air Defender-23 NATO tarixidagi eng yirik mashg‘ulot bo‘ladi. 

«Air Defender-23 strategik jihatdan Qo‘shma Shtatlar va Germaniyani bog‘laydi. Unda nafaqat hamkorlikda ishlash qobiliyati sinab ko‘riladi, balki koalitsiya havo kuchlarining tezda joylashtirilishi ham o‘rganiladi», dedi AQSh Harbiy havo kuchlari leytenanti, general Maykl Lo. 

Mashg‘ulotlarda AQSh va Germaniyadan tashqari 22 ittifoqchi davlat ishtirok etadi. Germaniya harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Ingo Gerxars mashg‘ulotlardan maqsad «ittifoqchilarning haqiqiy havo kuchlarini namoyish etish» ekanini ta’kidladi. 

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini fonida NATO tobora ko‘proq ulug‘vor mashqlarni o‘tkazmoqda. 

O‘tgan oy Shimoliy Atlantika alyansining 20 ming askari, shuningdek, Finlandiya va Shvetsiya qo‘shinlari Yevropa Arktikasida o‘tkazilgan eng yirik harbiy mashg‘ulotlar davomida Norvegiyani himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rdi. 

O‘rta yer dengizida ittifoqqa a’zo 9 davlat suvosti kemalariga qarshi kurash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdi. 

Bundan tashqari, fevral oyida AQSh, Italiya va Ispaniyaning aviatashuvchilari O‘rta yer dengizida bir qator harbiy-dengiz mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. 

Aprel oyining oxirida NATO dunyodagi eng yirik kiberxavfsizlik mashqlarini o‘tkazadi. Iyun oyida esa Serbiya hududida NATO bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid