O‘zbekiston | 06:34 / 14.04.2023
108787
3 daqiqa o‘qiladi

Manbalar Shuhratbek Abdurahmonov ishdan olingani haqida xabar berdi, ma’lumot tasdiqlanmadi

U Andijon viloyatiga 10 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgandi.

Foto: Kun.uz

14 aprel kuni qator manbalar Shuhratbek Abdurahmonov Andijon viloyati hokimi lavozimidan ozod qilingani haqida xabar berdi.

Manba viloyatning barcha idora va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda Abdurahmonovning hokimlik guvohnomasi olingani haqida aytgandi.

Shuningdek, Andijon viloyatiga shu paytgacha viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Dilshodbek Karimov vaqtinchalik rahbar etib tayinlangani ma’lum qilindi.

Abdurahmonovning ishdan ketishi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, unga tegishli ekani taxmin qilingan intim video bilan bog‘landi. Videoyozuvning bir qismi xiralashgan, hokimning yuzi eng oxirida ko‘ringan.

UPD: Bu ma’lumot tasdiqlanmadi. Ayni vaqtda viloyat hokimi o‘z vazifasini bajarishda davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, Shuhratbek Abdurahmonov ayni vaqtdagi viloyat hokimlari orasida eng uzoq vaqt - 10 yil davomida bir viloyatga rahbarlik qilib turgan hokim bo‘lib turibdi. U 2004 yildan 2011 yilgacha viloyatning Paxtaobod tumani hokimi bo‘lgan, 2011-2013 yillarda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2013 yil 1 aprelida Andijon viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi vazifasiga tayinlangan, 2013 yil 26 aprel kuni Xalq deputatlari Andijon viloyat sessiyasida uning nomzodi viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning avgust oyida Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev ham shahvoniy videotasvirlari internetda tarqalishi ortidan ishdan olingan edi.

D.Rahmatullayev ishdan olingan sessiyada Sh.Abdurahmonov shunday degan edi: «Bu bolani juda ko‘p ogohlantirganman. Qadamingni o‘ylab bosgin deganman. Yo‘q, o‘z bilganidan qolmadi».

D.Rahmatullayev o‘rniga tayinlangan viloyat markazining yangi hokimi Bahrom Haydarov 2022 yilda davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazganlikda ayblanib ushlangan, so‘ngra sud qilinib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Mavzuga oid