Jahon | 08:03 / 21.04.2023
4223
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Fransiya Xitoy bo‘yicha siyosatda hamkorlikni davom ettiradi

Makronning Pekinga tashrifidan ko‘p o‘tmay bo‘lib o‘tgan videomuloqotda AQSh va Fransiya prezidentlari Hindiston-Tinch okeani mintaqasida umumiy qadriyatlarni ilgari surishda davom etish niyatida ekanliklarini e’lon qilishdi.

Foto: Reuters

AQSh va Fransiya Xitoyga nisbatan siyosatda hamkorlikni davom ettirish niyatida. Buni 20 aprel, payshanba kuni kechki videomuloqotda Amerika prezidenti Jo Bayden va uning Fransiyalik hamkasbi Emmanuel Makron tasdiqladi. Oq uy matbuot xizmatiga ko‘ra, ular Makronning Xitoyga yaqinda qilgan tashrifi, shuningdek, o‘z mamlakatlarining Hind-Tinch okeani mintaqasida umumiy qadriyatlar va «qoidalarga asoslangan xalqaro tartib»ni ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarini muhokama qilishgan. Bundan tashqari, Emmanuel Makron va Jo Bayden Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlash zarurligini ta’kidladi.

Makron Xitoydan qaytgach, katta rezonansga sabab bo‘lgan bir qancha bayonotlar bilan chiqdi. Xususan, Pekin va Vashington o‘rtasida Tayvan muammosi bo‘yicha keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda u yevropaliklar «bizniki bo‘lmagan (Yevropaning)» inqirozlardan qochishi, AQSh «vassali»ga aylanmasligi kerak, degan fikrni bildirdi. 

Fransiya prezidentining bu so‘zlari ko‘plab Xitoy ommaviy axborot vositalari tomonidan ma’qullangan, ammo G‘arbda keskin tanqidlarga sabab bo‘lgandi.

Ikki prezident o‘rtasidagi suhbatning yana bir muhim mavzusi Ukrainadagi urush bo‘ldi. Oq uy va Yelisey saroyi matbuot xizmatlari xabar berishicha, Bayden ham, Makron ham Kiyevni Rossiya tajovuzi qarshisida qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish qat’iyatini tasdiqladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid